Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Erondan tortib olingan qurollarni Ukrainaga beradi – OAV
AQSh Markaziy qo‘mondonligi musodara qilingan bir milliondan ortiq Eron o‘q-dorilarini allaqachon Ukraina harbiylariga topshirgani aytilmoqda.
AQSh Erondan musodara qilingan minglab qurollar va o‘q-dorilarini Ukrainaga beradi, bu haqda CNN ma’lum qildi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi transfer haqida shu haftada e’lon qilishi kutilmoqda.
Bu qonuniy jihatdan qanchalik asosli bo‘lishi hozircha noma’lum, deb ta’kidlaydi telekanal. BMT qo‘lga kiritilgan qurollarni yo‘q qilishni yoki omborga qo‘yishni talab qiladi. Bayden ma’muriyati bir necha oydan beri AQSh Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) Yaqin Sharq obektlarida saqlanayotgan qurollarni ukrainaliklarga qanday qilib qonuniy ravishda topshirish haqida o‘ylayotgan edi.
CENTCOM bayonotiga ko‘ra, Markaziy qo‘mondonlik musodara qilingan bir milliondan ortiq Eron o‘q-dorilarini allaqachon Ukraina harbiylariga topshirgan. O‘tgan yil davomida AQSh harbiy-dengiz kuchlari Eron tomonidan Yamanga qurol yetkazib berishda foydalanilgan kemalardan minglab Eron avtomatlari va milliondan ortiq o‘q-dorilarni musodara qildi.
Yanvar oyi o‘rtalarida Qo‘shma Shtatlar fransuz harbiy kuchlari ko‘magida Erondan Yamanga yo‘l olgan 3 mingta pulemyotni, shuningdek, 23 ta tankka qarshi boshqariladigan raketalarni qo‘lga oldi. Keyingi ikki oyda Qo‘shma Shtatlar va uning sheriklari jami 5 mingta qurol va 1,6 million o‘q-dorilarni qo‘lga kiritdi.
AQSh Adliya va Mudofaa vazirligi rasmiylarining aytishicha, ular Ukrainaga qurol jo‘natishning qonuniy yo‘llarini topish ustida birga ishlamoqda va bu yo‘llardan biri qurollarni fuqarolik sudi orqali musodara qilishdir. Adliya departamenti Eron o‘q-dorilari va qurollarini musodara qilish uchun kamida ikkita da’vo qo‘zg‘atgan.
«Bir yildan ortiq vaqt davomida Rossiya harbiylari qo‘lidagi Eron dronlari Ukraina fuqarolariga hujum qilish va ularni o‘ldirishda foydalanilmoqda», dedi Jonatan Lord, «Yangi Amerika xavfsizligi markazi»ning Yaqin Sharq xavfsizligi dasturi direktori.
«Ukraina o‘z xalqini Rossiyaning jinoiy bosqinidan himoya qilish uchun Eronning musodara qilingan qurollaridan foydalanishida qandaydir adolat bor. Bundan tashqari, bunday siyosat Moskva va Tehron o‘rtasidagi rivojlanayotgan munosabatlarga bosimni kuchaytirishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi u.