O‘zbekiston | 18:38 / 04.10.2023
12883
9 daqiqa o‘qiladi

“Qatar biz uchun Xitoy sarmoyasi fonida alternativlardan biri” - ekspert

Qatar bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonga Fors ko‘rfaziga chiquvchi koridor tashkil etish, qator sohalar, xususan energetikaga investitsiyalar jalb qilish hamda “Tolibon” bilan muzokaralar uchun qo‘l keladi, deydi siyosatshunos Farhod Karimov.

1-2 oktyabr kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifini amalga oshirdi. Kun.uz muxbiri bu arab davlati bilan hamkorlikka doir savollar bilan “Geosiyosat” dasturida siyosatshunos Farhod Karimovga murojaat qildi.

— O‘zbekiston va Qatar munosabatlari tarixi va hozirgi bosqichi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.

— Oxirgi 5 yil ichida O‘zbekiston juda faol tashqi siyosat olib boryapti. Tashqi siyosatning bir yo‘nalishi sifatida arab, Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ham aloqalar yaxshilanmoq, xususan, Qatar bilan ham. Saudiya, BAA kabi davlatlar bilan ancha oldin munosabatlar o‘rnatganmiz, so‘nggi yillarda Qatar ham bular qatoriga qo‘shildi.

O‘zbekiston va Qatar munosabatlari mustaqillikning ilk yilida boshlangan. 1991 yil 30 dekabrda Qatar O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan va aloqalar boshlanib ketgan. Ammo keng ko‘lamli ishlar bo‘lgani yo‘q. Chunki sobiq ittifoq tarqalgach, aholisi musulmon bo‘lgan Markaziy Osiyoga Fors ko‘rfazi davlatlari qiziqib, haddan tashqari faollik ko‘rsatdi, shuning uchun mintaqa davlatlarida masofa saqlash bo‘ldi. Vahobiylik kabi harakatlar ortidan o‘rtaga biroz sovuqchilik tushgan paytlar ham bo‘ldi.

Qatar O‘zbekiston bilan munosabatlarni Moskvadagi elchixonasi orqali muvofiqlashtirardi. Keyingi 2010 yildan boshlangan faollik ham bor, ya’ni so‘nggi 20 yilda Qatar juda katta kapitalga ega bo‘ldi va tashqi siyosatda ham faollik ko‘rsata boshladi. Qatar tomoni taklifi 2010 yilda birinchi prezident Islom Karimov Qatarga davlat tashrifi bilan borgan edi. Hozirgi aloqalarimizning huquqiy asosi o‘sha tashrif doirasida hujjatlashtirilgan. Ammo bu tashrifdan keyin ham hamkorlikda keskin bir o‘sishlar bo‘lmadi.

2016 yildagi ikkinchi hukumat davridan endi keskin o‘zgarishlar bo‘la boshladi. Va Qatar O‘zbekistonga yana qiziqa boshladi. 2017 yildan boshlab turli doiradagi uchrashuvlar bo‘ldi, O‘zbekiston tomonidan ham Qatar kapitaliga qiziqish kuchaydi. 2010 yilda taklif etilgan Turkmaniston, Eron, Ummon orqali Fors ko‘rfazi davlatlariga chiqadigan transport koridorini faollashtirish ham ko‘zda tutila boshlandi. Umuman, 2017 yildan boshlab O‘zbekiston va Qatar munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi, asosan iqtisodiy yo‘nalishlarda. 2023 yil may oyida O‘zbekistonda Qatar elchixonasi ochildi.

— O‘zbekiston va Qatar aloqalarining ustuvor yo‘nalishlari qaysilar?

— Fors ko‘rfazi davlatlari bilan kuchli iqtisodiy aloqalarimiz yo‘q aslida. Ular neft, gazni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati kabilarga qiziqish bildiradi. Bundan tashqari, Qatar turizm sohasida bizga katta qiziqish bildiryapti va O‘zbekiston salohiyatini yuqori baholab, katta anjumanlarda ham buni ta’kidlab kelyapti. Musulmon dunyosi uchun muhim bo‘lgan O‘zbekiston turizmi o‘z potensialida emas, biz bu sohaga katta investitsiya kiritishni ko‘rib chiqyapmiz, degan fikrlarni bildirishyapti. 2023 yil iyun oyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ilk marotaba davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan va 12 mlrd dollar miqdoridagi loyihalarni tasdiqlab ketgan.

Aytganimdek, turizmga e’tibor katta. Chunki musulmon dunyosi uchun muhim sanalgan Al-Buxoriy, Termiziy, Moturidiy kabi allomalar bor, bilamizki, Al-Buxoriyni ular o‘zgacha qadrlashadi va ziyorat turizmini juda xohlashadi. Ammo bu bo‘yicha yetarlicha struktura shakllangani yo‘q. Shuning uchun Qatar mana shu strukturani biz shakllantiraylik va butun arab dunyosi davlatlaridan ziyoratga keluvchilar biz orqali kelsin, degan taklifni beryapti. Bu ishni Qatar qilmasa, Saudiya qiladi. Chunki hozir arab davlatlari o‘rtasida ijobiy ma’nodagi iqtisodiy raqobat kuchaygan.

O‘zbekiston manfaatlariga keladigan bo‘lsak, biz uchun o‘sha 2010 yildagi transport koridori asosiy nuqta. Shuning uchun ham O‘zbekiston Fors ko‘rfazi davlatlaridan, xususan, Qatardan shu koridorni yo‘lga qo‘yishda investitsiya kiritishini kutyapti. Bundan tashqari, umuman, Markaziy Osiyoda Xitoy investitsiyasini ko‘p ko‘ramiz, shu sababli bizga alternativ investor davlatlar kerak, bu imkoniyatni arab davlatlari bera oladi. Birgina Qatarning o‘zi 12 mlrd dollarlik investitsiya kiritamiz deganining o‘zi ancha katta narsa, hali boshqa arab davlatlari ham bor. Qatar kapitali butun Yevropada yuribdi, nega endi biz bu imkoniyatlardan foydalanmasligimiz kerak.

— Tashrif davomida asosan investitsiya masalalari muhokama qilindi va yashil energetikani rivojlantirish uchun 9 mlrd AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilishi aytildi, bu mamlakatimiz energiya ehtiyojlarini qondirishda qanday rol o‘ynashi mumkin?

— Markaziy Osiyoda energetika muammosi kun tartibiga chiqib boryapti. Bir tomondan suv muammosi ham bor, shuning uchun bu paytda bizga alternativ energiya manbalari kerak bizga. Yana 10 yildan keyin Markaziy Osiyoda juda boshqacha holat bo‘lib qoladi, shu 10 yil ichida muqobil energiya manbalarini joriy qilib olishimiz kerak. Markaziy Osiyoga geosiyosiy richag sifatida foydalaniladigan soha – energetika, shuning uchun bizga alternativlar zarur. Qatar shu sohaga investitsiya kiritmoqchi ekan, biz bundan foydalanib qolishimiz kerak.

— Qatar bilan muzokaralar vaqtida Afg‘oniston masalasiga ham to‘xtab o‘tildi.

— So‘nggi 10-15 yil ichida Qatar geosiyosiy jarayonlarda o‘zini platforma sifatida doim taklif etib kelyapti. Yaqin Sharqdagi muammolarda ham muzokara maydoni bo‘lishni taklif etgan edi va muvaffaqiyatga erishdi ham. Qatar siyosiy xavfsizlikni ta’minlagani uchun ham u yerda ko‘plab tan olinmagan siyosiy kuchlarning ofislari joylashgan, shular qatori “Tolibon”ning ham.

Vositachi sifatida ba’zida Turkiya va Saudiya erisholmayotgan natijalarga Qatar erishdi. Shu sababli xalqaro munosabatlarda obro‘si oshib boryapti. Markaziy Osiyoga ham shuni taklif etyapti, chunki “Tolibon” ko‘p vaqt Dohada faoliyat yuritgani uchun Qatar bilan munosabatlari yaxshi, shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida vositachi bo‘lishni taklif etyapti. “Tolibon” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplasholmaydigan mavzularni Qatar orqali gaplashib olishimiz ham mumkin. Deylik, Qo‘shtepa kanali masalasidagi muzokaralarda ham konflikt chiqib qolishi mumkin, shuning uchun Qatar orqali muloqot qilsa bo‘ladi. Xavfsizlik masalalari ham bor. Yaxshi vositachi bo‘lgan Qatar o‘zini taklif etayotgan ekan, Markaziy Osiyo davlatlari bundan foydalanib qolishi mumkin.

Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida mintaqaviy integratsiyasi ketyapti. Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘iston lider bo‘lgani uchun Fors ko‘rfazi davlatlari bilan muloqotga kirishadi. Umuman, Markaziy Osiyoni bir integratsion mintaqa sifatida ko‘rishyapti, bu quvonarli. Butun dunyoda geosiyosiy transformatsiya ketayotgan paytda, siyosiy koridorlar orqali chiqib ketib, o‘zimizni iqtisodiy va siyosiy tomondan mustahkamlab olishimiz kerak, O‘zbekiston ham, mintaqa davlatlari ham. Bunday tashriflar esa shunga harakat borligini bildiradi.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid