Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bayden Saudiya va Isroilni yarashtirmoqchi. Falastin masalasi nima bo‘ladi?
Jo Bayden birinchi prezidentlik muddati tugab borayotgan bir vaqtda Yaqin Sharqdagi vaziyatni o‘nglash uchun vositachi bo‘lishga qaror qildi. Saudiya Arabistoni va Isroil oxirgi bir necha oy davomida munosabatlarni normallashtirishni muhokama qilmoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan megakelishuv hozirlanmoqda. Bu amalga oshadimi?
«Har kuni bunga yaqinlashib boryapmiz», dedi kelishuv haqida amalda Saudiya rahbari bo‘lgan valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon. Uning fikricha, hozirlanayotgan tinchlik kelishuvi sovuq urush davridan buyon imzolangan eng katta tinchlik bitimi bo‘ladi. «Biz tarixiy tinchlik ostonasida turibmiz», dedi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bu haqda BMT minbarida nutq so‘zlar ekan.
Baydenning tinchlikparvar blitskrigi saylov oldidan uning siyosiy g‘alabasiga aylanadimi? Bu savol ochiq qolmoqda, uni qo‘llaydigan va rad qiladigan omillar juda ko‘p. Boshqa tomondan, kompromiss topish uchun vaqt juda kam qoldi.
Jarayonda qatnashayotgan diplomatlarning aytishicha, hali megakelishuvning loyihasi ham yo‘q. «Muzokaralar faol tarzda o‘tkazilmoqda. Ammo hali kelishuv qanday bo‘lishi haqida hatto gapirish ham mumkin emas», deydi Reuters bilan suhbatlashgan amerikalik diplomatlardan biri.
Dovda nima turibdi?
Saudiya Arabistoni Isroilni davlat sifatida tan olmaydi. Yahudiylar davlati bilan bo‘lgan oldingi har qanday kelishuvlar ham Falastin masalasini hal qilish sharti bilan ko‘rib chiqilgan. Tarixiy ekani aytilayotgan kelishuvga ko‘ra, Saudiya qator shartlar bilan Isroil davlatini tan olishi hamda u bilan diplomatik va savdo aloqalarini boshlashi mumkin.
Mana shu yerga kelganda kelishuvni barbod qilishi mumkin bo‘lgan birinchi to‘siq paydo bo‘ladi – Isroildagi falastinliklar masalasi. Saudiya ikki tomonlama munosabatlarda Falastin masalasini hal qiluvchi deb qaraydi. Hozirda Isroil tepasida bo‘lib turgan ultrakonservativlar va ultramillatchilar bu borada hech qanday siyosiy chekinish bo‘lmasligini ko‘p marta takrorlagan.
Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralari 2014 yildayoq to‘xtab qolgan va hatto optimistlar ham bu borada vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qilmayapti.
Ekspertlar Bayden bu muammoni hal qilishga intilishidan hayron qolishmoqda, chunki chindan murosa uchun imkon juda kam. Yo Netanyahu koalitsiya uchun kelishish osonroq bo‘lgan boshqa hamkor qidirishi kerak yoki Saudiya Isroil tomonidan bajariladigan amaldagi harakatlar bilan emas, shunchaki va’dalar bilan kifoyalanishga majbur.
2002 yil o‘sha vaqtdagi Saudiya podshohi Abdulloh o‘ziga xos tinchlik rejasini e’lon qilgandi. U hududda ikki millat uchun ikki davlat tuzilsa va Isroil bosib olingan yerlaridan chiqib, 1967 yildagi chegaralariga qaytsagina Isroil bilan yarashuv haqida gapirish mumkinligini aytgan, Arab davlatlari ligasi bu taklifni qo‘llagandi. Ammo bu taklifni qo‘llagan davlatlar 2020 va 2021 yillarda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp vositachiligida Isroil bilan Avraam kelishuvini imzolagandi.

Ekspertlar aytishicha, hozirda Saudiyaning amalda rahbari hisoblanadigan valiahd shahzoda Muhammal ibn Salmon falastinliklar masalasiga otasi yoki amakisi kabi jiddiy qaramaydi. Lekin valiahd bu mavzuni butkul chekkaga surib qo‘yishni ham o‘ziga ep ko‘rmaydi. Arab Center for Research and Policy Studies tomonidan yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, arab davlatlaridagi 84 foiz odamlar aynan Isroil-Falastin muammosi sabab Isroilni tan olishga qarshi. Yaqin Sharq va islom olami yetakchisi bo‘lishga intilayotgan Muhammad ibn Salmon bu borada mintaqa odamlari kayfiyati bilan hisoblashishga majbur.
Vashington instituti buyurtmasiga bilan yaqinda o‘tkazilgan boshqa so‘rovga ko‘ra, ayni damda mintaqada Tramp vaqtidagi kelishuvni qo‘llaydiganlar kamaygan. Masalan, BAA va Bahraynda faqat 27 foiz va 20 foiz odamlar bu kelishuvni foydali deb hisoblagan. Uch yil avval bu ko‘rsatkich mos ravishda 47 va 45 foizni tashkil etgan.
Saudiya rasmiy doiralarida hamon podshoh Abdulloh tomonidan ilgari surilgan 2002 yilgi taklifni qo‘llashadi. Saudiya tashqi ishlar vaziri Faysal ibn Farhan yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT yig‘ilishida Falastin muammosi «ikki millat uchun ikki davlat» prinsipi bilangina hal qilinishi kerakligini aytgandi.
Ammo ekspertlar Saudiya falastinliklarni ko‘ndira olsa, kamroq narsa bilan ham kifoyalanishi mumkin deb hisoblamoqda. Ikki tomonlama masalalar bo‘yicha ekspert Aziz Agashiyanning aytishicha, muammo hal bo‘lishi uchun Avraam kelishuvida bo‘lgani kabi quruq va’dalar emas, jiddiy siyosiy yon berishlar kerak. Masalan, falastinliklar Avraam kelishuvini xoinlik deb atashgandi.
«Umid qilamizki, falastinliklarning hayotini yaxshilaydigan kelishuvga erisha olamiz», dedi muzokaralar qay holatda ekani bo‘yicha ochiq gapirmagan Muhammad ibn Salmon. Ekspertlar hozircha Falastin hukumati ham, HAMAS ham saudiyaliklarning aloqalarni normallashtirish bo‘yicha g‘oyalarini izohlamaganiga e’tibor qaratgan.
Isiroil bosh vaziri Netanyahu yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT yig‘ilishida chiqish qilar ekan, Falastin hududlari ham Isroilga tegishli ekani tasvirlangan xaritani ko‘rsatish orqali yahudiylar falastinliklarga siyosiy yon bermasligini amalda ko‘rsatib bo‘ldi. Arab tilidagi Elaph nashriga bergan intervyusida Netanyahu muzokaralarda Falastinga odamlar o‘ylayotganidan kamroq siyosiy chekinish taqdim etilishini aytib, buni «shunchaki belgilash kerak bo‘lgan galochka» deb atagan.
Bu kimga foydali o‘zi?
AQShga
Megakelishuv amalga oshsa, bu avvalo Baydenning tashqi siyosatdagi katta yutug‘i bo‘lib, unga saylov oldidan katta miqdordagi yahudiy saylovchilar ishonchini taqdim etadi.
AQSh oxirgi yillarda Yaqin Sharq masalasiga kam e’tibor berayotgani sabab mintaqadagi hamkorlari tanqidiga uchramoqda. Xavfsizlik kafolati masalasi Yaqin Sharq davlatlarining o‘z gardanida qolib ketdi. Ular o‘zlari munosabatlarni diversifikatsiya qilib, yangi sheriklar qidira boshladi. Masalan, Xitoy va Rossiya kabi. Bayden aynan mana shuni o‘zgartirib, Rossiyaning va ayniqsa Xitoyning mintaqadagi ta’sirini kamaytirishni, qo‘shimchasiga AQSh xavfsizlik uchun eng katta tahdid deb hisoblaydigan Eronga bosim qilishni istaydi.
«Yaqin Sharq birlashishi va tinch bo‘lishi AQSh manfaatlariga mos. Ular o‘z vaqti va pulini boshqa narsalarga sarflashni istaydi. Uzoq kelajakda – Xitoyni tiyib turishga, yaqin kelajakda esa – Rossiya agressiyasiga qarshi kurashayotgan Ukrainaga yordam berishga», deydi mintaqa bo‘yicha mutaxassis Jonatan Panikoff.
Baydenning vaqti tobora kam qolayotganini ham unutmaslik kerak. Prezidentlik kampaniyasi boshlanishiga sanoqli oylar qoldi, bu esa otni qamchilash kerak degani. Financial Times'ning muzokaralarga jalb qilingan tomonlarga tayanib yozishicha, muzokaralarda natijaga erishish uchun 6-9 oycha vaqt qoldi.
Saudiya Arabistoniga
Yaqindagina Bayden Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmonni jurnalist Jamol Qoshiqchini o‘ldirishda shaxsan aybdor deb atayotgan va Saudiyani xalqaro maydonda yakkalashi bilan tahdid qilgandi. Ammo hozir vaziyat o‘zgargan. Shahzoda mamlakatni inson huquqlari buzilishi bo‘yicha ayblovlardan xalos qilib, Saudiyani sayyohlar va investorlar uchun jozibador davlatga aylantirmoqchi.
Shahzoda mamlakatni o‘zgartirish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan ulkan harakatni boshlagan bo‘lib, u neftga qaramlikni kamaytirishdan turizm va sportni rivojlantirishgacha bo‘lgan loyihalarni o‘z ichiga oladi. Jahon futbol yulduzlarini Saudiya ligasiga jalb qilish ham shu loyihaning bir qismidir. Mamlakat 2034 yilda jahon chempionatini qabul qilish uchun jiddiy harakat qilmoqda.
«Saudiya mintaqadagi derjava hamda Yaqin Sharqning yangi jandarmi bo‘lishni istaydi», deydi BBC bilan suhbatda Vashington institui dotsenti Fabris Balansh. Uning fikricha, mamlakat bu borada o‘zniki va begona, dushman va ittifoqchi kabi ajratishlardan chekinishga tayyor.
Mintaqadagi beqarorlik Muhammad ibn Salmonga o‘zi xohlayotgan Saudiyani qurishga xalaqit berayotgandi. Shu sabab Ar Riyod bahorda Xitoy vositachiligida Eron bilan diplomatik aloqalarni tiklashga kelishdi. Keyinroq Suriya bilan ham shunday kelishuv bo‘ldi. Avvalroq esa Saudiya qo‘shnisi Qatar bilan yarashgandi.
Saudiya azaldan AQShga yaqin ittifoqchi bo‘lishi bilan birga Moskva bilan ham yaxshi munosabatda. Avgustda Saudiya yana bir qator davlatlar Rossiya tarkibida bo‘lgan BRICS blokiga kirishga taklif qilindi. Endi esa Isroil bilan munosabatlarni iliqlashtirish ustida ishlanmoqda.
Muhammad ibn Salmon Isroilni tan olish evaziga AQShdan jiddiy xavfsizlik kafolati talab qilib, amerikaliklar Saudiya yadro dasturini yaratishida ham yordam berishini istamoqda.
Isroilga
Isroil uchun Saudiya Arabistoni bilan bitim ko‘proq ramziy ma’noda ahamiyatli. Isroil musulmon olamining muqaddas qadamjolari mezboni bo‘lgan Saudiya tomonidan eshiklar ochilishi boshqa arab davlatlari bilan ham munosabatlari yaxshilanishiga, bu orqali esa isroil-arab muammosi batamom yakunlanishiga umid qilishi mumkin.
Netanyahu ham yaqinda Bayden bilan uchrashuvda kelishuv musulmon olami va yahudiylar o‘rtasida yarashuvga yo‘l ochishi mumkinligini aytgandi. Isroil bosh vaziri bu gaplari orqali siyosiy ochko ishlashga harakat qilayotgani ham tabiiy. Chunki mamlakatda uning sud islohotlari sabab namoyishlar to‘xtamayapti. Uning o‘zini esa korrupsiyada ayblashmoqda.
Muhammad ibn Salmon yana nima xohlamoqda?
Muzokaralardan xabardor diplomatlarning aytishicha, Muhammad ibn Salmon bu kelishuv evaziga AQShdan NATO nizomining 5-bandi ko‘rinishida xavfsizlik kelishuvi istamoqda. Bu kelishuvda ittifoqchilarning biriga hujum qilinishi barcha ittifoqchilarga qilingan hujumga tenglashtirilishi keltirilgan.
«Saudiya Arabistoni agar mamlakatga 2019 va 2021 yildagi kabi hujumlar amalga oshirilsa, amerikaliklar javob berishini istamoqda. Bu yillardagi Saudiya neft obektlariga hujumlar javobsiz qogandi», deydi Fors ko‘rfazi davlatlari bo‘yicha ekspert Fotih Dazi-Eni.
Hozircha Bayden Kongressni Saudiyaning talablariga ko‘ndira olishiga ishonish qiyin. Bu taklifni vakillar palatasida kamida 67 kishi qo‘llashi kerak. U yerda Baydenning partiyadoshlari bo‘lgan demokratlar soni 51 nafar va hali barcha demokratlar taklifni qo‘llashi ham aniq emas. Chunki demokratlar o‘z vaqtida Yamandagi inson huquqlari buzilishi sabab Saudiyani tanqid qilishgan.
Ekspertlar Bayden vaziyatdan qanday chiqib ketishiga qiziqishmoqda.
Variantlardan biri sifatida Saudiyani «yetakchi harbiy hamkor» yoki «NATOdan tashqaridagi asosiy harbiy hamkor» deb e’lon qilishni keltirish mumkin. Shuningdek, qirollik bilan xavfsizlik bo‘yicha strategik sheriklik kelishuvi imzolab, harbiy va razvedka masalasida hamkorlikni kuchaytirish varianti ham bor. Shu kunlarda AQSh Bahrayn bilan yuqoridagiga o‘xshash kelishuv imzolagandi. Unda Yaqin Sharqdagi mojarolarni tiyib turish va bartaraf qilish haqida so‘z borgan, lekin NATO nizomining 5-moddasi kabi band yo‘q.
Muzokaralardan xabardor diplomatlarning Reuters'ga ma’lum qilishicha, Saudiya bilan xuddi Yaponiya yoki boshqa Osiyo davlatlari bilan bo‘lgani kabi kelishuv imzolash ham variantlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Muhammad ibn Salmon tinch yadro dasturi doirasida o‘z hududida uranni boyitishga ruxsat olmoqchi.
«Agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, u bizda ham bo‘lishi kerak», degandi ibn Salmon Fox News bilan intervyusida ish bungacha bormasligiga umid qilishini ham qo‘shimcha qilar ekan.
Yaqin Sharqdagi davlatlarning yadro quroliga ega bo‘lisha intilishi isroilliklar kabi amerikaliklarni ham xavotirga solmoqda. Shu sabab ularni Suadiya faqat tinch yadro dasturi bilan cheklanmoqchi ekaniga ishontirishi oson bo‘lmaydi.
Bu borada Muhammad ibn Salmonda «B» rejasi ham bor: Xitoyning China National Nuclear Corporation kompaniyasi Saudiyaga Qatar va BAA bilan chegara yaqinida atom elektr stansiyasi qurishni taklif qilgan. New York Times'ning yozishicha, bu AQShni Saudiya yadro dasturini qo‘llashiga bosim o‘tkazish maqsadida qilinmoqda.
Tashriflar diplomatiyasi
Hozirda tomonlar aloqalarni yaqinlashtirish ustida ishlayapti. Shu kunlarda yuqori darajali saudiyalik diplomatlar Isroil bosib olgan G‘arbiy sohilga 1967 yildagi urushdan keyin ilk marta tashrif buyurishdi. Isroil bu yerlarni Iordaniyadan tortib olgan. Bu tashrifdan ikki soat o‘tib Isroil turizm vaziri Xaim Kats Ar Riyodga bordi. U Saudiyaga borgan birinchi isroillik vazir bo‘ldi. Shu kunlarla Isroil aloqa vaziri Shlomo Karai ham Ar Riyodga borishi kutilmoqda.
Yaqinda Saudiya Falastinning bosib olingan yerlarida o‘zining ilk elchisini ham tayinladi. Naif Sudeyri Iordaniya elchisi bo‘lgani bilan birga Ramallohdagi prezident elchisi lavozimiga ham kirishdi. U Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan uchrashib, Saudiya poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati tuzish ustida ishlayotganini aytdi.
Tezda amalga oshirish qiyin
Yaqin Sharq Instituti rahbari Pol Salem bu kelishuv tez orada amalga oshishiga shubha bildirib, u maksimum 2025 yilda bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Uning fikricha, AQSh prezident ma’muriyati katta ehtimol bilan faqat tomonlarning va’adalari bilan kifoyalanishga majbur.
«Bu AQSh prezident ma’muriyatining tashqi siyosatdagi ulkan siyosiy g‘alabasi bo‘ladi. Ammo gap Bayden bu uchun qanday qurbon berishga tayyorligida», deb Karnegi fondi ilmiy xodimi Devid Millerning so‘zlarini keltirgan Reuters.
AQSh va Yaqin Sharqdagi holat
AQSh prezidentlari avval ham mintaqadagi vaziyatni o‘nglashga intilgan.
Masalan, Masalan, Jimmi Karter Isroil bosh vaziri Menaxem Begin va Misr prezidenti Anvar Saodatni Kemp-Devidda muzokaralar stoliga o‘tirishga ko‘ndirgan va o‘shanda Isroil-Misr tinchlik kelishuvi imzolangandi.
Bill Klinton vositachiligida Osloda Isroil va Falastin o‘rtasida memorandum imzolangandi. Uni Isroil tashqi ishlar vaziri Shimon Peres va falastinlik siyosatchi Mahmud Abbos imzolagandi. Keyinroq Isroil bosh vaziri Itsxak Rabin va Falastin ozodligi harakati yetakchisi Yosir Arofat qo‘l berib ko‘rishgandi.
2020 yilda Donald Tramp mintaqadagi vaziyatga yangicha kayfiyat olib kirishga urinib, Isroil va BAA o‘rtasida Avraam kelishuviga erishdi. Keyin esa Bahrayn va Sudan o‘rtasida kelishuvga. O‘shanda kelishuvga Saudiya Arabistoni qo‘shilmagandi. Endi esa Baydenda Yaqin Sharq tarixida katta iz qoldirish imkoni mavjud.
Mavzuga oid
09:13 / 09.06.2026
«Bibi, ehtiyot bo‘l, aks holda mutlaqo yolg‘iz qolasan» – Trampning chaqiriqlardan keyin Isroil va Eron to‘xtadi
11:00 / 08.06.2026
Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkin - elchixona
09:30 / 08.06.2026
Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi
09:20 / 08.06.2026