Jamiyat | 10:00 / 09.10.2023
28687
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda maktab sinfxonasidan chayon topilgani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

9-sinf o‘quvchisi o‘zi bilan qog‘oz qutida maktabga jonsiz chayon olib kelgan va maktabdoshlariga hazillashish maqsadida chayonni koridorda qoldirgan. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Yunusobod tumanidagi 260-maktab o‘quvchilari sinfxonalarning biridan chayon topgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Holat Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Ishchi guruhi tomonidan ahvol o‘rganilgan. 6 oktyabr kuni 260-maktabda taxminan soat 10:20 larda yuqori sinf o‘quvchilari sinfxonada emas, koridorda jonsiz chayon topib, videotasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan.

O‘rganishlar chog‘ida aniqlanishicha, maktabning 9-sinf o‘quvchisi R.A. o‘zi bilan qog‘oz qutida maktabga jonsiz chayon olib kelgan va maktabdoshlariga hazillashish maqsadida chayonni koridorda qoldirgan. Bu xatti-harakati uchun o‘quvchi R.A. bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, bunday hol takrorlanmasligini oldini olish maqsadida maktab o‘quvchilari bilan IIB inspektor-psixologi ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

7 oktyabr kuni Yunusobod tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislari jalb etilib, maktab oshxonasi, sport zali, koridorlar hamda sinfxonalarida turli hasharotlarga qarshi dezinfeksiya va dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan.

Mavzuga oid