O‘zbekiston | 14:28 / 28.09.2024
34030
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda zaharli ilon va chayonlar pitomnigi tashkil etildi

Kobra, gyurza va efa kabi zaharli hayvonlarni ko‘paytirish hamda saqlash bilan shug‘ullanadigan pitomnikda ulardan olinadigan zardoblar asosida turli xil farmatsevtik vositalar ham tayyorlanadi. Mutaxassislar ushbu pitomnik sog‘liqni saqlash, sanoat va ilm-fan rivojida yangi bosqichni boshlab berishiga umid bildirmoqda.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navbahor tumanida zaharli hayvonlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan yirik pitomnik ish boshladi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “BRAIN” savdo belgisi ostida “Biotech Research and Innovation” MChJ ilmiy-ishlab chiqarish kompleksini ishga tushirgan. Kompleksda ilon va chayonsimonlar oilasiga mansub jonivorlar yetishtiriladi, ularning yashash tarzi ustida tadqiqot va o‘rganish ishlari olib boriladi. Shuningdek, ulardan olinadigan zardob asosida turli xil farmatsevtik va kosmetologik vositalar tayyorlash, zahri asosidagi preparatlarni sertifikatlash rejalashtirilgan.

Pitomnik kobra, gyurza va efa kabi zaharli hayvonlarni ko‘paytirish va saqlash bilan shug‘ullanadi. Kompleks serpentariy, vivariy, inkubatorli terrarium, biokimyoviy laboratoriya, o‘quv markazi, ishlab chiqarish ombori kabi inshootlardan tashkil topgan.

Mazkur loyihaga 5 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, yillik eksport miqdori 7 mln AQSh dollarini tashkil etishi ko‘zlangan. Loyiha bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi hamda 2030 yilga borib to‘liq ishlab chiqarish quvvatiga chiqadi.

Qayd etilishicha, kompleksda yo‘qolib ketayotgan ilonlar, chayonlar va toshbaqalarni saqlash va ko‘paytirish uchun optimal sharoitlar yaratiladi. Bu yerda Zoologiya instituti hamda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti bilan yaqindan hamkorlik qilinib, olimlarga nazorat ostidagi muhitda tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyati ham taqdim etiladi. Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi va vivariy zardoblar va biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish uchun zaharlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, dastlabki bosqichda pitomnikka 40 ta zaharli ilon olib kelingan. Keyinchalik aholidan ham zaharli ilon va chayonlarni sotib olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Mavzuga oid