Jahon | 08:24 / 10.10.2023
7490
3 daqiqa o‘qiladi

YeIning qurol xarid qilgan davlatlariga xarajati qoplab beriladi

Yevropa Ittifoqi o‘zining mudofaa qobiliyatini va qurol xarid qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda. Endi Yevropa Ittifoqi davlatlari konsorsiumlarga birlashib, qurol-yarog‘ xarajatlari uchun tovon pulini YeI budjetidan olishi mumkin.

Foto: Arne Immanuel Bänsch/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi kengashi 9 oktyabr, dushanba kuni umumiy xaridlar orqali Yevropa mudofaa sanoatini mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlarini qabul qildi. U Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida qurol-yarog‘ sotib olish sohasida hamkorlikni rag‘batlantirish uchun ishlab chiqilgan va ushbu maqsadlar uchun xarajatlarni YeI budjetidan qisman qoplashni nazarda tutadi. Bunday kompensatsiyaning sharti Yevropa Ittifoqining kamida uchta davlati konsorsiumlaridan xarid qilishda ishtirok etishdir. Ushbu maqsadlar uchun umumiy budjetdan 300 million yevro ajratilgan.

Yevropa Ittifoqi mudofaa sanoati ushbu choradan foyda olishi kerak, deb hisoblaydi YeI kengashi, sababi yakuniy mahsulot tarkibiy qismlarining kamida 65 foizi Yevropa Ittifoqi yoki uning hamkor mamlakatida ishlab chiqariladi. Bu Yevropa mudofaa texnologiyalari va sanoat bazasi, jumladan, kichik va o‘rta kompaniyalarning raqobatbardoshligi va samaradorligini oshirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi turtki bo‘ldi

2022 yil 11 martda Versalda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining norasmiy sammitida Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlash majburiyatini oldi, chunki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Yevropa Ittifoqi harbiy zaxiralaridagi bo‘shliqlar va defitsitlarni, sanoat ishlab chiqarishi kamayib borayotganini va mamlakatlar o‘rtasida bu sohadagi hamkorlik yetarli darajada emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. YeI yetakchilari a’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishi, qo‘shma loyihalar va qurol sotib olishga sarmoya kiritishi, innovatsiyalarni rag‘batlantirishi va Yevropa Ittifoqi mudofaa sanoatini rivojlantirishi kerak, degan qarorga keldi. 

Yangi qoidalar Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilganidan bir kun o‘tib kuchga kiradi. 

Harbiy hamkorlik hozircha bundan mustasno 

Hozircha mudofaa sohasidagi hamkorlik Yevropa Ittifoqida qoida emas, istisno bo‘lib qolmoqda. A’zo davlatlar o‘z rejalarini asosan milliy darajada amalga oshiradi va mudofaa dasturlariga kiritilgan barcha sarmoyalarning atigi 18 foizi boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorlikda yo‘naltiriladi. 

Qo‘shni davlatlar asosan hamkorlik qilyapti, mudofaaga keng Yevropa yondashuvlaridan esa deyarli foydalanilmayapti. Bu, masalan, qonunchilikdagi farqlar, budjet cheklovlari, mutaxassislarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Bu muammoni hal qilish uchun Yevropa Ittifoqining mudofaa tashabbuslari milliy mudofaa rejalariga kiritilishi kerak, deydi ekspertlar. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid