Jahon | 08:01 / 12.10.2023
12909
10 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning NATOga tashrifi: Ukraina uchun yangi aviakoalitsiya tuziladi

11 oktyabr Bryusselda Ukraina mavzusi kun tartibida bo‘ldi: Zelenskiy NATOga keldi, «Ramshtayn» formatida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, birinchi NATO-Ukraina kengashi o‘tkazildi va Belgiya 2 milliard yevrolik yordam fondi haqida e’lon qildi.

Foto: Virginia Mayo/AP/picture alliance

11 oktyabr kuni Volodimir Zelenskiy kutilmaganda Bryusselga bordi. Odatdagidek, uning tashrifi haqida oldindan deyarli hech kim bilmagan, sababi, agar ma’lumotlar tarqalib ketsa, Ukraina prezidenti shunchaki kelmasligi ham mumkin edi. Belgiya ommaviy axborot vositalari ertalab u bu kunni o‘z mamlakatida o‘tkazishi haqida xabar berishga ulgurmasidan oldin, Shimoliy Atlantika alyansi o‘z rejasi mavzusini «NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning OAV bilan muloqoti»dan «Stoltenberg va Zelenskiyning OAVga birgalikda yondashuvi»ga o‘zgartirdi. Stoltenbergning o‘zi NATO shtab-kvartirasi eshigi oldida katta kortejda kelayotgan Ukraina prezidentini kutib turgani haqidagi xabar jahon axborot agentliklarida qisqa vaqt ichida tarqalib ketdi.

Salomlashuv iliq o‘tdi – Zelenskiy va Stoltenberg yaqinda ajralgan do‘stlardek salomlashdi – tabassum va hazillar bilan. Bundan ikki hafta oldin Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Kiyevga tashrif buyurgandi. 

Stoltenberg Zelenskiyga: NATOga xush kelibsiz 

«NATOga xush kelibsiz: sizning kurashingiz, bu - bizning kurashimiz, sizning xavfsizligingiz - bizning xavfsizligimiz, qadriyatlaringiz - bizning qadriyatlarimiz. Biz Ukrainani kerak bo‘lgunicha qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Stoltenberg matbuot oldida. Uning nutqidan ma’lum bo‘ldiki, ittifoqchilardan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish haqida yangi bayonotlar kutilyapti va bu umidlar oqlandi. Kun davomida AQSh, Buyuk Britaniya va Finlandiya Ukrainaga yuzlab million yevrolik yangi yordam paketlarini e’lon qildi. Daniya va Belgiya Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini va’da qildi. Ammo, agar Kopenhagen ularni 2024 yilning bahorida yetkazib berishga tayyor bo‘lsa, Bryussel bir yildan keyin va paket yangi hukumat tomonidan ma’qullangandagina taqdim etadi. Kanada Ukraina qurolli kuchlarini sovuqdan oldin o‘n million dollarlik issiq kiyim va jihozlar bilan ta’minlaydi. 

Bundan tashqari, Stoltenberg alyans a’zolari Ukrainaga «adolatli urush olib borish va o‘z yerlarini ozod qilish» imkoniyatini berish uchun harbiy ishlab chiqarishni allaqachon ko‘paytirgan va oshirishda davom etmoqda, deb ishontirdi. 

U bu kunni «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali uchrashuvlar kuni» deb atadi. 11 oktyabr kuni Bryusselda Ukraina mavzusi kun tartibida bo‘ldi, chunki Zelenskiyning tashrifidan tashqari, u bilan bog‘liq bir qancha tadbirlar ham o‘tkazildi. Birinchidan, Ukraina mudofaasi bo‘yicha AQSh boshchiligidagi aloqa guruhining yig‘ilishi. U o‘n oltinchi yig‘ilish bo‘lgan bo‘lsa ham, Zelenskiy birinchi marta «Ramshtayn» formatiga tashrif buyurdi. 

Foto: Olivier Matthys/Pool/AP/picture alliance

«Ramshtayn» formatida Ukraina uchun yangi koalitsiyalar

Pentagon rahbari Lloyd Ostin keyinroq jurnalistlarga Ukraina prezidentining shaxsan gapirganini eshitish «juda kuchli bo‘lganini» aytdi. Ostinning so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiyni kelishmovchiliklarga qaramay, ikkala Amerika partiyasi qo‘llab-quvvatlashiga va AQSh xalqining keng ma’qullashiga ishontirgan. U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va Isroilga yordam berishi bir vaqtning o‘zida davom etishi mumkinligini aytdi.

Aloqa guruhida 50 dan ortiq davlat, jumladan, NATOning barcha a’zolari nafaqat Ukrainaning eng muhim ehtiyojlariga, balki kelajakdagi yordamga ham e’tibor qaratdi. Shu tariqa, Ostin Kiyevga «Leopard»lar bilan yordam beradigan davlatlar birlashgan tank koalitsiyasiga o‘xshash yangi koalitsiyalar va Ukraina Qurolli kuchlarini F-16 qiruvchi samolyotlari hamda ulardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlovchi davlatlarni o‘z ichiga olgan aviakoalitsiya haqida gapirdi. Misol uchun, Estoniya va Lyuksemburg tarmoqlarni himoya qilishda Ukraina IT-infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha koalitsiyaga rahbarlik qiladi, Litva Rossiya minalarini tozalash ishlariga bosh bo‘ladi, Qo‘shma Shtatlar Ukraina harbiy-havo kuchlarini rivojlantirish bo‘yicha koalitsiya rahbarlari - Daniya va Niderlandiya safiga qo‘shildi. Boshqa koalitsiyalar yaqin haftalarda tuziladi, dedi Pentagon rahbari. Muayyan hududlarda ular «Ukraina kelajakda o‘z suverenitetini himoya qilishi va agressiyaning oldini olishi kerak bo‘lgan hamma narsani to‘playdi», deya tushuntirdi u. 

Foto: Olivier Matthys/Pool/AP/picture alliance

Belgiyadan maxsus yangilik

«Ramshtayn»dan keyin Volodimir Zelenskiy fursatdan foydalanib, Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kro bilan uchrashuvga bordi, u ham ukrainaliklar uchun xushxabar borligini bildirib, bu haqda Ukraina prezidenti bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Konferensiya boshlanishidan ikki soat oldin e’lon qilingan va jurnalistlarga akkreditatsiyadan o‘tish uchun bor-yo‘g‘i bir soat vaqt berilgan - odatda uni olish uchun kunlar, hatto haftalar ketadi. Barcha ommaviy axborot vositalari vakillarini ko‘rsatilgan manzilga yig‘ib, ularni avtobusga o‘tkazishgan va noma’lum boshqa joyga olib ketishgan, u yerga esa Ukraina va Belgiya rahbarlari yetib kelgan.

Ular asosiy yangiliklar haqida ma’lum qildi: Belgiya dunyoda birinchi bo‘lib Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukraina manfaati uchun foydalanishni boshladi. Bryussel 2022-2024 yillarda Belgiya hududidagi Rossiya aktivlaridan olingan foydadan jami 1,7 milliard yevrolik soliq o‘tkaziladigan jamg‘arma yaratdi. Shu bilan birga, Rossiyaning yuzlab milliard yevroga teng aktivlari va ular bo‘yicha foizlar daxlsizligicha qolmoqda, chunki ular Belgiya hukumati yurisdiksiyasi ostida emas, dedi De Kro. Garchi Rossiyaning o‘zi bundan hech narsani yo‘qotmasa ham, muzlatilgan aktivlardan yoki ularning kamida bir foizidan foydalanishning qonuniy yo‘llarini izlash davom etmoqda, deya ishontirdi Zelenskiy va De Kro. 

«Dunyoda shunday ovozlar borki, ular bizda Ukrainani tiklashga yordam beradigan pulimiz yo‘q, demoqda. Men bunga shunday javob beraman: sizda Rossiya aktivlari bor. Va agar rossiyaliklar bizning mamlakatimizni vayron qilsa, biz bu puldan foydalanishimiz mumkin. Keling, kalitni topaylik. Bu pulni olib, Ukrainani tiklashga sarflash kerak», dedi Zelenskiy. 

Birinchi NATO-Ukraina vazirlar kengashi 

Zelenskiyning rasmiy tashrifi Belgiya bosh vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng yakunlandi va Shimoliy Atlantika alyansi shtab-kvartirasida mudofaa vazirlari darajasidagi birinchi NATO-Ukraina kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. U yerda Ukraina Mudofaa vazirligining yangi rahbari Rustem Umerov birinchi marta kutib olindi. 

Kechqurun jurnalistlar oldiga chiqib, u amerikalik hamkasbi bilan muloqoti haqida gapirdi. «Yil oxirigacha ham, undan keyin ham ta’minot masalasida hech qanday kechikishlar bo‘lmaydi, - dedi Umerov Ostinga tayangan holda. - Bu va keyingi yil uchun yordam bo‘ladi». Ukraina vazirining qo‘shimcha qilishicha, u qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha ko‘plab majburiyatlarni olgan, ba’zi davlatlar esa Ukraina tomoni hatto kutmagan narsani taqdim etishga va’da bergan. 

Yaqin Sharqdagi mojaro va Ukrainadagi urush 

Yaqin Sharqdagi keskinlashib borayotgan mojaro va Ukrainadagi urush o‘rtasidagi taqqoslashlar doimiy ravishda, asosan, jurnalistlar va siyosatchilarning og‘zidan eshitildi. Asosiy xulosa: Isroilga yordam Ukrainaga harbiy yordam berishga ta’sir qilmasligi kerak va ta’sir qilmaydi. Bu haqda nafaqat Ostin, balki Stoltenberg, Zelenskiy va Umerov ham gapirgan.

«Bugun biz amalda qilinayotgan ishlar og‘zaki gaplardan ko‘ra balandroq eshitilayotganini ko‘rdik. Bu shuni anglatadiki, NATO ittifoqchilari nafaqat Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyor, balki Ukrainaga ko‘proq yordam ko‘rsatmoqda - ko‘proq havo mudofaa tizimlari, F-16 samolyotlari, o‘q-dorilar, ta’lim dasturlari va turli yordam paketlari, - dedi Yyens Stoltenberg yakuniy matbuot anjumanida. - Va bu Rossiya hamda Rossiya NATO ittifoqchilaridan ustun bo‘lishi mumkinligiga ishonadigan har bir kishi uchun kuchli signaldir. Ishonchim komilki, ular bundan keyin ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda yordam beradi, chunki Ukrainaning g‘alabasi bizning xavfsizligimiz manfaatlariga mos keladi». 

12 oktyabr kuni NATO mudofaa vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda Yaqin Sharqdagi vaziyat va Boltiq dengizidagi gaz quvuriga yetkazilgan zarar muhokama qilinadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid