Frontdagi vaziyat: Rossiya qarshi hujumga o‘tgan, ukrainlar dengizda faollashmoqda
Rossiya qurolli kuchlari frontning yigirmadan ziyod uchastkasida keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tdi: Ukraina Avdiyivkani yo‘qotishi mumkin; Ukraina QKning yangi suvosti droni Rossiya flotining mudofaa tizimini vayron qilmoqda. Groza qishlog‘iga Rossiya raketasini yo‘naltirgan shaxs aniqlandi. Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasiga kuzgi zarbalar berish uchun raketa g‘amlamoqda. Ukraina esa nafaqat Sochi, balki Moskva aeroportlari ishini falaj ahvolga tushirib qo‘yishi mumkin.
Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.
Rossiya armiyasi frontning sharqiy qismida ilgarilamoqda
Haftaning asosiy voqeasi Donetsk shahrining janubiy-g‘arbiy qismidan tortib Kupyansk shimoligacha bo‘lgan frontning sharqiy qismining kamida yigirmata uchastkasida oldinga intilishi bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, Rossiya armiyasi Ukraina QKning o‘tgan yili kuzda amalga oshirgan manyovrini takrorlashga urinib ko‘rdi: o‘shanda bahorgi va yozgi hujumlardan charchagan Rossiya kuchlari eng zaif joyda zarbani o‘tkazib yuborgan, natijada Ukraina QK Izyum va Kreminna o‘rtasidagi hamda Xarkiv oblastining shimoliy-sharqidagi ulkan maydonni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Ukraina QKning janubiy — Zaporijjya frontidagi yurishi iyun oyidayoq barbod bo‘lgandi, biroq shu kungacha Ukraina rahbariyati inson va material resurslarini Velika Novosilka va Orixiv janubidagi ikkita egallangan platsdarmni kengaytirish uchun behuda sarflash bilan band. Rossiya qo‘shinlari Rabotine g‘arbida kengligi 300 metr bo‘lgan uchastkada haftasiga 200 metr oldinga siljishga urinmoqda. Haftaning asosiy voqealari Donetsk shahridan g‘arbroqda joylashgan va bugunga kelib yer yuzidan supurib tashlangan Avdiyivka shahri hududida ro‘y berdi.
Ukraina QK Avdiyivkani urush boshlangandan buyon mudofaa qilmoqda, chunki 2014 yildan buyon shaharning shimoliy, sharqiy va janubiy qismida chuqur qazilgan, betonlangan va eshelonlangan mudofaa tizimi qurilgan va bu Ukraina armiyasiga «DXR» «xalq militsiyasi»ning Donetsk g‘arbini o‘z nazoratiga olish bo‘yicha gohida uyushtirgan hujumlarini to‘sish imkonini bergan. 2022 yil davomida va 2023 yil boshida bostirishga bo‘lgan turli urinishlardan so‘ng Avdiyivka yarim qurshab olindi, chunki Rossiya qo‘shinlari shaharning shimoli va janubidan mudofaani bukib qo‘yishdi (lekin sindira olishmadi), shuningdek, sharqiy va shimoliy sharqiy qismida ancha ilgarilab ketishdi. 2023 yilning birinchi yarmida bu yerda qolish imkonsiz bo‘lib qoldi, ayni paytga kelib Avdiyivkaning uch tomoni qurshab olingan, qamal qilingan qal’a holatida. Undagi garnizon faqat g‘arbdan keluvchi ikki yo‘nalish bo‘yicha ta’minlanmoqda.
Chorshanba kuni Rossiya qo‘shinlari o‘z ma’lumotlariga ko‘ra shahar shimolidagi mudofaani 2 km masofagacha yorib o‘tishdi, shaharning shimoliy g‘arbiy qismidagi Berdichi qishlog‘ining sharqiy chekkasigacha kirib borishgan. Bu rossiyalik «harbiy muxbirlar» berayotgan ma’lumot. Ukrainaparast DeepState xarita servisi buni tasdiqlamagan, faqat Rossiya armiyasining keng front bo‘ylab arzimas masofaga siljiganini qayd etgan. Ukraina mediasi Avdiyivka hududidagi «og‘ir urushlar» haqida xabar qilib, tafsilotlardan qochishmoqda.
Rossiya va ukrainaparast manbalar RF QK Avdiyivkaning janubiy-g‘arbiy qismidagi «Tsarskaya oxota» restorani hududidan yorib kirgani haqidagi axborot borasida yakdil, bu esa shaharga eltuvchi ikki yo‘ldan birini o‘qqa tutish imkonini beradi. Ukraina QK hafta oxiriga kelib qo‘shimcha qismlarni bu hududga tashlagan va «Terikon» mudofaa tumani hududida kichikroq hududni qaytarib olgan, garchi bu umumiy tashvishli manzarani bekor etmasa-da.
Yanada tashvishlantirayotgani Ukraina QK zaxirasida yorib o‘tishni tezkorlik bilan yopish uchun «o‘t o‘chiruvchi» qismlar yo‘qligi bo‘ldi. Qarshi hujumga qarshi turish qo‘shimcha kuchlar evaziga emas, shaharni mudofaa qilayotgan brigada kuchi bilan amalga oshiriladi. Bu esa Ukraina QKning frontning eng yaqin ort qismida yirik operativ va manyovrlashgan zaxirasi yo‘qligi, Avdiyivka ham qishda yo‘qotilgan Soledar va Baxmut singari to‘satdan egallab olinish xavfi ostidaligini bildiradi.
Kupyansk hududida ham vaziyat bu qadar tashvishli bo‘lmasa-da, jiddiy tarzda murakkablashgan, bu yerda Rossiya qo‘shinlari shaharning shimoliy qismiga bosim uyushtirmoqda va bir hafta ichida 1 km masofaga ilgarilashgan. U yerda rossiyaliklar jiddiy bostirib borayotgani bu yo‘nalishda avval ham sa’y-harakat qilayotgani Oskil daryosidagi ko‘priklarni faol ravishda bombalashganidan ham ma’lum edi. Biroq u yerga tashlangan Ukraina QK zaxiralari yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi.
Boshqa uchastkalarda Rossiya hujumlari muvaffaqiyatga erisha olgani yo‘q.
Ukraina harbiy dengiz kuchlari va UXXning dengizdagi muvaffaqiyati
13 oktyabr, juma kuni Rossiya Qora dengizi uchun chinakamiga noxush kun bo‘la oldi. Sevastopoldan Novorossiysk tomon reyd davomida Ukraina suv osti dronlari tomonidan Ukrainaga ko‘p zarar yetkazgan «Kalibr» raketalari tashuvchisi «Pavel Derjavin» patrul kemasi ikki bor aniq nishonga olingan. Zarba uning vintlariga to‘g‘ri kelgan, biroq u ko‘rikdan o‘tkazilganidan so‘ng harakatni davom ettira olishi ma’lum bo‘lgan. Bu kemani qutqarish uchun kelgan «Professor Nikolay Muru» buksiriga ham jiddiy talafot yetkazilgan va uni tortib ketishga majbur bo‘lishgan.
Hujum Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan ishlab chiqarilgan yangi va «Morskiy malish» deb ataluvchi suvosti dronlari tomonidan amalga oshirilgan. Bunday dronlar paydo bo‘lishi Qora dengiz flotining so‘nggi yillarda shakllangan mudofaa tizimini vayron qilmoqda. Yangi dronlar tashqi kuzatuvchilarga sezdirmasdan, buxtalardagi «bonli» to‘siqlar ostidan sho‘ng‘ib, ortda qoldiroladi va aftidan kichikroq o‘lchamdaligi uchun mavjud akustik tizimlar tutib ololadigan shovqin ham chiqarmaydi (yoki operatorlar hozircha ularni aniqlashni o‘rganib olishmagan).
Hozircha, bunday dronlarning harakat radiusi hamda Qrim sharqidagi va RF Qora dengiz sohillaridagi boshqa portlarga ham zarba bera olish qobiliyati noma’lum. Shunisi aniqki, uning jangovar qismi o‘lchami kema bortlarini samarali teshib o‘tish uchun yetarli emas. Nima bo‘lganda ham RF Qora dengiz floti kemalari yangi va o‘ta jiddiy xavfga to‘qnash kelishdi va dengizning Ukraina floti tomonidan nazorat qilinayotgan shimoliy-g‘arbiy qismidan uzoqroq turishga majbur bo‘lishmoqda.
Bu o‘tgan hafta mobaynida Sevastopol bo‘ylab o‘tkazilgan reydning yagona hodisasi emas, biroq qolganlari haqida aniqroq axborotlar tarqatilmayapti, chunki Ukraina harbiylari ham jamoatchilikni muvaffaqiyatsiz hujumlardan ogoh etishni o‘ziga ep bilmayapti, Sevastopoldagilar ham dengizdagi «paqillashlar» haqidagina gapirib, so‘z o‘yini qilishmoqda. 15 oktyabr kuni gubernator Razvozjayev o‘tkazilgan harbiy mashqlarda flot «bombamyot»lardan foydalangani haqidagina so‘zlab o‘tdi.
Havodan zarbalar: Sochi aeroporti yopilish arafasida
O‘tgan haftada havodagi urush ko‘lami sezilarli tarzda qisqardi. Rossiya zarbdor dronlari hujumi sezilarli tarzda kamaydi, garchi ularning nishoni avvalgidek Dunay sohilidagi portlar va Markaziy Ukrainaning sharqiy qismi — Cherkas oblasti Uman shahridagi va Poltava oblasti Mirgorod shahridagi aerodromlar bo‘lgan esa-da. Rossiyaga tegishli Shahed dronlari Izmayil dengiz portiga, shaharda mavjud don elevatorlariga va kema ta’mirlash zavodiga hujum qilgan.
Rossiya hisobotlariga ko‘ra, raketa zarbasi bilan Mikolayiv oblastidagi Solonchaki shahridagi katerlar to‘xtash joyiga, Ukraina tomoni xabariga ko‘ra, Donetsk oblasti Pokrovsk shaharchasida ichida 51 kishi bo‘lib turgan aholini ijtimoiy himoya qilish boshqarmasiga zarba berilgan. Bir kishi vafot etgan, 13 kishi yaralangan.
Shu hafta ichida Xarkiv oblastidagi Groza qishlog‘idagi qahvaxonada «Iskander» raketasining to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbasi tufayli 51 emas, 59 kishi halok bo‘lgani aniq bo‘ldi. Ayrim insonlarning jasadlari qoldiqlari genetik tahlillar yordamida tanib olingan. Hukumat tezkorlik bilan zarba uchun nishon ko‘rsatganlarni aniqlagan va jamoatchilikka ularning yozishmalarini e’lon qilgan. Aniqlanishicha, qishloqda Rossiya qo‘shinlari bilan birga chekingan kollaborant politsiyachi tomonidan boshqariladigan rossiyaparast informatorlar tarmog‘i bo‘lgan. Uning taxminiga ko‘ra, bunday fojiali tarzda tugagan dafn marosimiga o‘z birodarlarini so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun birga xizmat qilgan harbiylar kelishi kerak bo‘lgan, biroq u qattiq adashgan.
Ukraina harbiy qo‘mondonligi fikricha, RF sovuqlar kelishi bilan mamlakat energetika tizimiga yirik zarba berish uchun raketalar va zarbdor dronlarni g‘amlamoqda. Bu farazning amalga oshish ehtimoli katta, chunki raketalardan bir vaqtning o‘zida yoki dronlardan paydar-pay amalga oshirilgan yirik hujumlar Ukraina havo hamda raketa hujumidan mudofaa tizimini «zo‘riqtiradi», demakki, talafot yetkazilgan nishonlar soni oshadi.
Xerson oblastining so‘l qirg‘og‘i, Xerson shahrining o‘zi, Berislav va Chornobayivka talafot ko‘rayotgan tizimli bombalashlar ham davom ettirilmoqda.
Ukraina QK o‘z navbatida dronlar guruhi bilan Belgorod va Kursk oblastlari, shuningdek Sochiga bir necha yirik hujumlar uyushtirdi. Rossiya tomonining so‘nggi rasmiy xabarlariga ko‘ra, barcha dronlar urib tushirilgan. Jumladan, 15 oktyabrga o‘tar kechasi Kursk oblasti uzra 18 ta pilotsiz parvoz qurilmalari urib tushirilgan.
Biroq hujumlar qurbonsiz bo‘lmagan. Belgorodda «Ukraina pilotsiz parvoz qurilmalari bo‘laklari qulashi oqibatida» uch kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi reanimatsiya bo‘limiga tushgan.
Urush targ‘ibotchisi bo‘lgan yirik telegram-kanalardan biri Rybar Sochiga uyushtirilgan hujum yuzasidan umidsizlikka tushib qolgan: «Oltita pilotsiz parvoz qurilmalari bilan Sochi xalqaro aeroportiga zarba berishga navbatdagi urinish havo qo‘nalg‘asi xavfsizlik masalasi va dushmanning niyati borasida savollarni yuzaga chiqaradi. Bunday parvozlar bilan Ukraina tuzilmalari Rossiya hukumatini janubdagi boshqa aeroportlar bilan bo‘lgani kabi, Sochi aeroportini ham yopishga majburlamoqchi. Bu aviatsiya qatnovlari sohasida iqtisodiyotga qattiq zarba beradi. Agar shunday qaror qabul qilinsa, bu hududga eng yaqin va ishlab turgan Mineralniye Vodidagi aeroport yuklamani eplay olmay qoladi. Ukrainaliklarga imkoniyat berilsa ular butun Rossiyadagi aviaqatnovlarni yo‘q qilgan bo‘lishardi».
Lekin, shuni hisobga olish kerakki, rossiyaliklar hozircha ukrainaliklardan farqli o‘laroq fuqarolik aviatsiyasi xizmatidan foydalanishda davom etishmoqda. Rossiyaning ko‘plab shaharlariga qatnovlar yopilishi tahdid solmayapti. Garchi nafaqat Sochi, hattoki Moskva aivatarmog‘ining muntazam ishlab turish istiqboli u qadar ishonchli ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da.
Mavzuga oid
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
14:54 / 13.11.2024