23:14 / 16.10.2023
10222

Qirg‘izistonda sayyohlarning kirish va bo‘lish qoidalari kuchaytirildi

Mamlakat chet ellik sayyohlar uchun «visa-run»ni bekor qildi.

Foto: Kun.uz

Qirg‘iziston chet ellik sayyohlarning kirishi va bo‘lishi bilan bog‘liq qoidalarni kuchaytirdi. Shuningdek, «visa-run»ni (chegaradan tashqariga qisqa muddatga chiqish orqali mamlakatda qolish muddatini qayta tiklash imkoniyatini) bekor qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, Qirg‘izistonda 60/120 tamoyili bo‘yicha vizasiz rejim joriy etiladi. Bu shuni anglatadiki, mamlakatni tark etgandan so‘ng, odam faqat 60 kundan keyin unga qaytishi mumkin.

Shu bilan birga, respublikada 90 kun davomida vizasiz qolishga ruxsat berilgan sayohatchilar Qirg‘izistonni tark etgan taqdirdagina xuddi shunday muddatdan keyin yana qaytishi mumkin bo‘ladi.

«Yangi o‘zgarishlar Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining migratsiya oqimini yanada samarali boshqarishni ta’minlash va mamlakatning umumiy xavfsizligini yaxshilash istagini aks ettiradi», deyiladi TIV bayonotida.

Avvalroq, Qozog‘istonda ham sayyohlar uchun «visa-run» bekor qilingan edi. 2023 yil yanvar oyidan boshlab mamlakatga vizasiz kelgan xorijliklar 180 kunlik bir kalendar davrida maksimal 90 kun qolishi mumkin. Buni yiliga ikki martadan ko‘p bo‘lmagan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Top