Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyning Amer International kompaniyasi O‘zbekistonda mintaqaviy ofisini ochadi
Kompaniya yuqori texnologiyalar, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati, konchilik va qayta ishlash tarmoqlaridagi loyihalar bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 oktyabr kuni Pekin shahriga amaliy tashrif doirasida Xitoyning Amer International sanoat holdingi raisi Van Venyin bilan uchrashdi.
Qayd qilinishicha, Amer International yuqori texnologiyalar, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati, konchilik va qayta ishlash tarmoqlaridagi loyihalar bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Fortune 500 global reytingiga kirgan. Xitoyda va uning tashqarisida umumiy qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.
Van Venyin O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasidagi biznesining bosh yo‘nalishi sifatida qarayotgani ta’kidlanmoqda. Misni qayta ishlash va undan innovatsion va xaridorgir mahsulotlar, shu jumladan elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulyator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Amer International kompaniyasi raisi Xorijiy investorlar kengashi faoliyatida ishtirok etishi, O‘zbekistonda mintaqaviy ofis ochish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.