Jahon | 23:37 / 19.10.2023
10107
3 daqiqa o‘qiladi

Saxarov mukofoti eronlik Mahsa Aminiyga berildi

Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi asosiy mukofoti 2022 yilda vafot etgan Mahsa Aminiy va uning o‘limidan keyin boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari ishtirokchilariga berildi. 

Foto: Getty Images

Yevroparlament Andrey Saxarov nomidagi «Fikr erkinligi uchun» mukofoti eronlik Mahsa Aminiyga berilganini e’lon qildi. Ayol 2022 yil sentabrida ro‘molni «noto‘g‘ri o‘ragani» uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay vafot etgan edi. Mukofot uning o‘limidan so‘ng «Ayol, hayot, erkinlik» shiori ostida boshlangan ommaviy namoyishlarda qatnashgan eronliklarga ham topshirildi. 

«Yevropa parlamenti Eronda tenglik, qadr-qimmat va erkinlik uchun kurashni davom ettirayotgan jasur va mard odamlarni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi. Biz hatto qamoqda bo‘lsa ham «Ayol, hayot, erkinlik» [harakatini] qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularni Saxarov mukofoti laureati sifatida tanlab, ularning kurashini eslaymiz va ozodlik uchun eng yuqori narxni to‘lagan barchani hurmat qilishda davom etamiz», dedi parlament rahbari Roberta Metsola. 

«Andrey Saxarov» mukofoti Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi asosiy mukofotidir. U 1988 yildan beri topshiriladi, mukofot jamg‘armasi 50 ming yevroni tashkil qiladi. 

2020 yilda «Andrey Saxarov» mukofoti Belarus muxolifatiga topshirildi. 2021 yilda uning laureati siyosatchi Aleksey Navalniy bo‘ldi. 2022 yilda mukofot Ukraina xalqiga topshirildi. 

Mukofot sovet nazariyotchi fizik olimi, SSSR Fanlar akademiyasi akademigi, jamoat arbobi, dissident va huquq faoli Andrey Dmitriyevich Saxarov (1921—1989) nomi bilan ataladi. U birinchi sovet vodorod bombasining yaratuvchilaridan biri. 1975 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati. Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishini qoralagan bayonotlardan so‘ng, u barcha sovet mukofotlaridan mahrum qilindi va 1980 yil yanvar oyida mamlakatdan chiqarib yuborildi. 1986 yilda KPSS Markaziy Komiteti bosh kotibi M.S.Gorbachyov unga surgundan Moskvaga qaytishga ruxsat berdi.

Mavzuga oid