Jahon | 09:02 / 20.10.2023
8500
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston sanksiyalar tufayli Rossiyaga eksport taqiqlanganini rad etdi

Savdo Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitim qoidalariga to‘liq amal qilgan holda olib borilmoqda, deya ma’lum qildi Ostona. Avvalroq Qozog‘iston sanksiyalar tufayli Rossiyaga yuzdan ortiq turdagi tovarlar yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar tarqalgan edi.

Foto: AP

Qozog‘iston g‘arbning Ukrainaga qarshi urush tufayli Rossiyaga kiritgan sanksiyalari tufayli Rossiyaga bir qator tovarlarni eksport qilish taqiqlangani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda 19 oktyabr, payshanba kuni Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Ommaviy axborot vositalarida Rossiyaga sanksiyalar tufayli 106 turdagi tovarlarni sotish taqiqlangani haqida tarqalgan ma’lumotlarga kelsak, Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi bu noto‘g‘ri ekanini rasman e’lon qiladi. Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi savdo munosabatlarini, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi bitim qoidalariga to‘liq muvofiq holda, tartibga solish sodir bo‘lmoqda. RFga Rossiyaga qarshi sanksiyalar munosabati bilan eksport taqiqlangani aniqlanmadi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ikkilamchi maqsadli tovarlar savdosi 

Vazirlik matbuot xizmati, shuningdek, eksport nazorati ostidagi ikki maqsadli tovarlar savdosi Qozog‘istonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishini ta’kidladi. «Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, bunday tovarlarga nisbatan eksport, import va tranzit uchun tegishli litsenziya olish kerak. Eksport nazorati milliy vakolatga kiradi, bu ham YeOII to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan», - deya xabar berdi matbuot xizmati. 

Idoraning aniqlik kiritishicha, avvalroq Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat Torebayev aytib o‘tgan 106 turdagi tovarlar ikkilamchi maqsadlardagi tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Avvalroq Qozog‘istonda bir qancha OAV Torebayevga tayanib, Qozog‘iston g‘arb sanksiyalari tufayli Rossiyaga 106 turdagi tovarlar, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlari, ixtisoslashtirilgan elektronika va chiplar yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar qilgan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid