Jahon | 23:02 / 23.10.2023
6336
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning sobiq adliya vaziri hibsga olindi 

Marat Beketayev mamlakatni tark etishga uringan paytida aeroportda ushlandi. U korrupsiyada ayblanmoqda. 

Foto: primeminister.kz

Qozog‘istonda sobiq adliya vaziri mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanib hibsga olindi. U Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati xodimlari tomonidan ushlangan. 

«U shu’ba kompaniya manfaatlarini himoya qilgan va keraksiz xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ochiqdan-ochiq yillik shartnomalar tuzib, bu bilan davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan», deyiladi xabarda. 

Ma’lumotlarda qo‘lga olingan shaxsning ismi keltirilmagan. Ammo mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gap 2016-2022 yillarda Adliya vazirligida rahbarlik qilgan va «yanvar voqealari»dan keyin ishdan bo‘shatilgan Marat Beketayev haqida ketmoqda. 

Qayd qilinishicha, u 21 oktyabr kuni ertalab Ostona aeroportida «o‘zganing mashinasi va kurtkasida» yetib kelganida qo‘lga olingan. U Istanbul orqali Londonga uchishga harakat qilgan. Biroq mamlakatni tark etishga urinish muvaffaqiyatsiz tugagani aytilmoqda. 

Avvalroq, sobiq vazirdan yashash joyini tark etmaslik haqida tilxat olingan edi. U Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimov «homiyligi» ostida aktivlarni mamlakatdan chiqarish bilan bilan shug‘ullangan Bolashak Consulting Group shirkati ishiga avval guvoh, keyin esa gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan. Masimov shu yilning aprel oyida davlatga xiyonat, hokimiyatni egallab olishga urinish va boshqa jinoyatlar uchun 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid