Iqtisodiyot | 16:00 / 25.10.2023
21228
2 daqiqa o‘qiladi

Yandex Go O‘zbekistonda yuridik shaxs tashkil etdi

Kompaniya yo‘lovchilarga fiskal chek berish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirdi.

Foto: Yandex Go

Yandex Go O‘zbekistonda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu haqda kompaniyaning MDH bo‘yicha rahbari Kirill Svinsov Gazeta.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

“Biz respublika qonunchiligi asosida ish olib boramiz. Allaqachon O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdik. 1 dekabrgacha Yandex Go axborot xizmatini mamlakatda mahalliylashtirishimizni tasdiqlaymiz. Bu xizmatning amaldagi soliqlarni to‘lovchi mahalliy kompaniya tomonidan ko‘rsatilishini anglatadi. Hozirda jarayonlarni takomillashtiryapmiz”, - degan Svinsov.

Bundan tashqari, kompaniya Soliq qo‘mitasi bilan yo‘lovchi tashishni fiskallashtirish masalasida ham muloqot olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Soliq qo‘mitasi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, Yandex Go xizmatlarini taqdim etuvchi Ridetech International kompaniyasidan O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lishini talab qilgandi. Bundan tashqari, kompaniya soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiyani ta’minlashi va mijozlarga avtomatik tarzda shakllantiriladigan fiskal kvitansiyani taqdim etishi kerak edi. Talablar bajarilmasa, platforma bloklanishi haqida ogohlantirilgan.

Soliq qo‘mitasining ushbu bayonoti e’lon qilingan kuniyoq Yandex Go kompaniyasi O‘zbekistonning soliq rezidenti bo‘lishini va 1 dekabrdan keyin faoliyatini davom ettirishini e’lon qilgandi. 

Mavzuga oid