Jahon | 23:45 / 28.10.2023
19479
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil harbiy amaliyotning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi

Unda e’tibor HAMAS harakati infratuzilmasini yo‘q qilish va garovga olinganlarni ozod qilishga qaratilishi aytildi.

Foto: Maya Alleruzzo/Pool via REUTERS

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi, uning maqsadi Falastinning HAMAS harakati infratuzilmasini yo‘q qilish va garovga olinganlarni ozod qilishdir. Uning matbuot anjumanidagi so‘zlarini The Times of Israel keltirdi.

Netanyaxuning ta’kidlashicha, jangovar harakatlarning ikkinchi bosqichi 27 oktyabr kuni kechqurun G‘azo sektoriga yangi qo‘shinlarning kiritilishi bilan boshlangan.

«Dushman hududida jang qilayotgan qo‘mondonlarimiz va askarlarimiz xalq va milliy rahbariyat ular bilan birga ekanini biladi. Ular yahudiy xalqi uchun, qo‘shimcha qilaman, butun insoniyat uchun bu zolimlarni tag-tugi bilan yo‘qotishga tayyor. Biz esda tutamiz va kurashamiz. Ularning maqsadi yagona - qonxo‘r dushmanni yengish va o‘z zaminimizda yashashimizni ta’minlash», dedi Netanyaxu.

Bosh vazir, shuningdek, G‘arb va arab mamlakatlaridagi ittifoqchilar HAMAS bilan urush maqsadlarini tushunishiga va Isroilga g‘alaba tilashiga ishonch bildirdi.

Netanyaxu so‘zlariga ko‘ra, quruqlik amaliyotini o‘tkazish haqidagi qaror harbiy kabinet va xavfsizlik kabineti tomonidan bir ovozdan qabul qilingan.

Avvalroq, Netanyaxu HAMAS harakatini yo‘q qilishga va’da bergan edi.

Mavzuga oid