Jahon | 14:32 / 01.11.2023
7505
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh G‘azo sektorining kelajagi bo‘yicha ehtimoliy variantlarni o‘rganmoqda

G‘azo sektorini boshqa davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar ishtirokida boshqarishning bir qancha variantlari bor, dedi AQSh davlat kotibi Senatda. U 3 noyabr kuni yana Yaqin Sharqqa keladi.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar boshqa davlatlar qatori G‘azo sektori kelajagi bo‘yicha ehtimoliy variantlarni o‘rganmoqda, dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken. U 31 oktyabr, seshanba kuni AQSh Senatining moliya bo‘yicha qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda Falastinning HAMAS guruhi aholi zich joylashgan qirg‘oq hududini nazorat qiladigan status-kvoni saqlab bo‘lmaydi, biroq Isroil G‘azo sektorini nazorat qilishni istamayapti, dedi.

Bu ikki pozitsiya o‘rtasida «bir qator ehtimoliy variantlar mavjud, biz, boshqa davlatlar singari, hozir ularni juda diqqat bilan tekshirmoqdamiz», deya qo‘shimcha qildi Amerika tashqi siyosat idorasi rahbari. 

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, eng oqilona variant G‘azo sektorini boshqaradigan «samarali va yangilangan Falastin ma’muriyati» bo‘ladi. Bunga erishish mumkinmi, degan savol tug‘iladi, dedi u. «Agar buning iloji bo‘lmasa, bir qator davlatlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan boshqa vaqtinchalik variantlar ham mavjud. Bundan tashqari, xavfsizlik va boshqaruv funksiyalari ham xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin», dedi u. 

Blinken 3 noyabr kuni Isroilga yana boradi 

Ayni paytda, Blinken 3 noyabr kuni yana Yaqin Sharqqa safar qiladi. U Isroil hukumati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi, Isroildan so‘ng mintaqaning boshqa mamlakatlariga tashrif buyurish rejalashtirilgan, dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller. Blinkenning Yaqin Sharqqa safari Isroilning G‘azo sektorida keng ko‘lamli hujumlari boshlanganidan buyon ikkinchisi bo‘ladi. Oktyabr oyi o‘rtalarida u mintaqada 10 kun bo‘lib, Iordaniya, Misr, Saudiya Arabistoni va BAA, shuningdek, Isroilga ikki marta tashrif buyurgan. 

AQSh Isroilning eng yirik ittifoqchisi bo‘lib, unga keng ko‘lamli harbiy yordam ko‘rsatadi. Oktyabr oyida prezident Jo Bayden Kongressdan Isroil va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 75 milliard dollar so‘ragan edi. 

Ayni paytda, Vashington Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish takliflariga qarshi. 30 oktyabr kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi: «Biz hozircha o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘ri ish deb hisoblamaymiz. Hozirda o‘t ochishni to‘xtatish faqat HAMASga foyda keltiradi», dedi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,5 mingdan ortiq falastinlik va 1400 nafar isroillik halok bo‘ldi.

Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid