Jahon | 11:58 / 01.11.2023
13297
3 daqiqa o‘qiladi

Makron Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan keldi 

Fransiya prezidentining keyingi manzili – O‘zbekiston.

Foto: akorda.kz

Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan kelgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni Ostona shahrida tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Emmanuel Makron delegatsiyalar a’zolarini bir-biri bilan tanishtirdi. Faxriy qorovul rotasi boshlig‘i ikki davlat rahbarlariga raport berdi, Qozog‘iston va Fransiya madhiyalari yangradi.

Avvalroq oliy martabali mehmonni poytaxt aeroportida Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smoilov kutib oldi. 

Qisqa suhbat chog‘ida hukumat rahbari ushbu tashrif Ostona va Parij o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi. 

Avvalroq ikki davlat rahbarlari Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Emmanuel Makron savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va energetika sohalarida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishi xabar qilingandi. 

Qozog‘istondan so‘ng Fransiya rahbari va uning delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. 

Fransiya prezidenti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 1-2 noyabr kunlari tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. 

O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi, unda O‘zbekiston-Fransiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Savdo-iqtisodiy, innovatsion, sarmoyaviy va madaniy-humanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratiladi. 

O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari ikki davlatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qo‘shma biznes-forumda ham ishtirok etadi. 

Sammit yakunlari bo‘yicha qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar, shuningdek, savdo va sarmoyaviy bitimlar paketini qabul qilish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid