Jahon | 09:20 / 02.11.2023
6284
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 8 ming 796 kishiga yetdi

Ularning 3648 nafari bolalar, 2290 nafari ayollardir.

Foto: AP

26 kundan beri Isroilning shiddatli bombardimon qilishi ostida bo‘lgan G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 271 nafarga ortib, 8796 nafarga yetdi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ashraf al-Qudra Shifo kasalxonasi oldida uyushtirilgan matbuot anjumanida davom etayotgan Isroil hujumlari haqida gapirdi.

Qudra Isroilning G‘azoda 7 oktyabrdan beri uyushtirgan hujumlarida qurbon bo‘lganlar sonining 8796 nafarga yetganini aytdi. Ularning 3648 nafari bolalar, 2290 nafari ayollardir. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaradorlar soni - 22 ming 219 kishi, G‘azo sektorini intensiv bombardimon qilish davom etmoqda, hujumlar boshlanganidan beri 2 ming 30 kishi vayronalar ostida qolib ketgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hujumlarida 132 tibbiyot xodimi halok bo‘lgan va hujumda nishonga olingan 25 tez yordam mashinasi yaroqsiz holga kelgan. 

Isroilning 58 tibbiyot muassasasini ataylab nishonga olganiga diqqat qaratgan Qudra, 16 kasalxona va 32 birlamchi sog‘liqni saqlash markazining hujumlar va yonilg‘i tugashi tufayli ishlamay qolgani haqidagi ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi. 

Rasmiy G‘azodagi Shifo va Indoneziya kasalxonalari yonilg‘i yetishmasligi sababli yaqin soatlarda faoliyatini to‘xtatishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

Qudra do‘st davlatlar va xalqaro tashkilotlarni vaziyatga shoshilinch ravishda aralashib, G‘azo kasalxonalarini yonilg‘i bilan ta’minlashga chaqirdi. Aks holda, Shifo va Indoneziya shifoxonalarining asosiy generatorlari ishlamay qoladi. 

Qudra Misrning ko‘p sonli yaradorlarni davlatdagi kasalxonalarga o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishladi. 

Vazirlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, ahvoli og‘ir bo‘lgan yaradorlar ham olib ketilishi kerak. 

Mavzuga oid