O‘zbekiston | 17:55 / 02.11.2023
11045
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Fransiya prezidentlari birgalikda daraxt ekdi

Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron O‘zbekistonning antik davr, o‘rta asrlar va temuriylar davrini o‘z ichiga olgan madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

2 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Ko‘rgazmada mamlakatning 7 ta muzeyidan eksponatlar jamlangan. U 3 ta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim qadimgi davlatlar davri, madaniyatlarning Ipak yo‘li orqali tarqalishi, Kushonlar imperiyasi haqida bo‘lib, haykalchalar, tilla buyumlar va tangalar namoyish etilgan. Ularning ayrimlari O‘zbekiston va Fransiya olimlarining birgalikdagi ekspeditsiyasida topilgan.

Ikkinchi bo‘lim qadimgi va o‘rta asrlarda san’at va madaniyatning gullab-yashnashi, yo‘llar va karvonlar mavzusi bilan tanishtiradi.

Uchinchi bo‘lim Reneseans va Temuriylar davrida Markaziy Osiyoda islom dinining tarqalishi, madaniyat va ilm-fan rivojlanishi haqida. Bu yerda mehmonlar Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi ulug‘ allomalarning qo‘lyozmalari bilan tanishishi mumkin. Bu bo‘lim buyuk hukmdor Amir Temur siymosi atrofida tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘sha davrga oid bezak buyumlari va Fransiya qirolining Sohibqironga yo‘llagan maktubi taqdim etilgan.

«Ko‘rgazma Fransiya prezidenti va delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi», deyiladi xabarda.

So‘ng davlat rahbarlari mamlakatlarni yanada yaqinlashtirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qat’iy intilish belgisi sifatida Kongress markazi bog‘ida daraxt ekdi, deya ta’kidladi prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida ikki davlat rahbarlarining Registon majmuasiga tashrifi aks etgan videolavhalar ham joylashtirildi.

 

Mavzuga oid