Jahon | 00:24 / 03.11.2023
9535
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon o‘z qo‘shinlarini Armaniston chegarasidan olib ketdi

Ozarboyjonning Armaniston hududiga bostirib kirish tahdidi hozircha yo‘qligi aytilmoqda.

Foto: AP

Hozir Ozarboyjon qo‘shinlari Armaniston chegaralari yaqinida to‘planmagan. Bu haqda Armaniston Milliy Assambleyasi raisi o‘rinbosari Akop Arshakyan xabar berdi. Avvalroq, Lemkin instituti Ozarboyjon «yaqin kunlar va haftalarda» Armanistonning Syunik viloyatini egallash maqsadida hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

«Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Armaniston chegaralari atrofida qo‘shinlar to‘planmagan. Tahdid bormi? Ritorikaning o‘zgarishi, shuningdek, nufuzli xalqaro tuzilmalar tomonidan rezolyutsiyalar qabul qilinishi, parlamentlar, hukumatlar va turli tashkilotlarning Armanistonning hududiy yaxlitligi shubha ostiga olinmasligi haqidagi bayonotlari bo‘yicha ma’lum ijobiy o‘zgarishlarni qayd etish lozim», dedi Arshakyan.

Ozarboyjonning Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ chegaralariga qo‘shin va harbiy texnika yig‘ayotgani haqidagi xabarlar sentabr oyi boshida paydo bo‘lgan edi. 19 sentabr kuni Ozarboyjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘ga kirdi.

Oktyabr oyi oxirida Turkiya va Ozarboyjon Armaniston chegarasiga yaqin Boku, Noxichevon va Tog‘li Qorabog‘da qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

13 oktyabr kuni Politico nashri o‘z manbalariga tayanib, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bir guruh kongressmenlarni Ozarboyjon qo‘shinlari yaqin haftalarda Armaniston janubiga bostirib kirishi mumkinligidan ogohlantirganini yozdi. Keyinroq Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller bu iddaolarni rad qilib, «Armaniston suverenitetiga har qanday hujum jiddiy oqibatlarga olib kelishini» ta’kidladi.

AQSh Nevada universiteti siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti doktor Nerses Kopalyan so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda Ozarboyjondan keng ko‘lamli bosqin kutilmasligi kerak, ammo yangi hujum keyingi yilda sodir bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid