Jahon | 08:51 / 04.11.2023
9087
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil: o‘t ochishni to‘xtatish - garovga olinganlar ozod qilinganidan keyin

Isroilga ko‘ra, 250 ga yaqin odam HAMAS jangchilari qo‘lida asirda. Isroil bosh vaziri Netanyahu ularning barchasi qo‘yib yuborilmaguncha, o‘t ochishni to‘xtatish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi.

Foto: Reuters

Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga faqat Falastinning HAMAS guruhi tomonidan garovga olingan barcha shaxslar ozod etilishi sharti bilan rozi bo‘ladi. «Men (HAMASga qarshi harbiy operatsiyani) bor kuchimiz bilan davom etishimizni aniq aytdim. Biz garovga olinganlarni ozod qilishni o‘z ichiga olmagan har qanday o‘t ochishni to‘xtatishni rad etamiz», - dedi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu 3 noyabr, juma kuni tashrif bilan kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvdan so‘ng.

Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda HAMAS 249 kishini asirda ushlab turibdi. Blinken Qo‘shma Shtatlar ittifoqchisi Isroil bilan mustahkam turishiga ishontirdi, ammo Falastin tinch aholisini himoya qilish uchun ko‘proq ish qilish kerakligini ta’kidladi. U Isroilning hozirgi ishdan «bosh tortishi faqat HAMAS va boshqa guruhlarning foydasiga ishlaydi», dedi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid