Jahon | 10:29 / 05.11.2023
17569
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada noqonuniy migrantlarning turmush qurishini taqiqlash taklif etildi

Shuningdek, ularga avtomashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va bank hisob raqamlari ochish ham taqiqlanishi mumkin.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakovaning ma’lum qilishicha, departament noqonuniy migrantlarning Rossiyada avtomashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, bank hisob raqamlari ochish va nikoh qurishni taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qonun noqonuniy migrantlarni aniqlash va ularni Rossiya Federatsiyasi hududidan «chetlatish» imkonini beradi.

«Agar siz noqonuniy migrant bo‘lsangiz, ushbu xizmatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lmasligingiz kerak», dedi Valentina Kazakova. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi tez orada Davlat Dumasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Valentina Kazakova xorijlik shaxsning elektron avtorizatsiyasi va u haqidagi ma’lumotlar kiritiladigan raqamli profili masalasi ham hozirda muhokama qilinayotganini eslatdi. 

«Ya’ni, migrant Rossiya Federatsiyasiga kirish niyati borligini ma’lum qilishi kerak bo‘ladi. Va bu, albatta, bizda mavjud bo‘lgan salbiy holatlarni kamaytiradi», deb qo‘shimcha qildi u.

1 noyabr kuni Davlat Dumasiga yangi qonun loyihasi kiritildi, unga ko‘ra Rossiya fuqarolarining migrant turmush o‘rtoqlari uchun vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma faqat bunday nikoh tuzilgan kundan boshlab ikki yil o‘tgandan keyin berilishi kerak. O‘zgartirish mualliflari, shuningdek, ota-onalik huquqi yoki nikohi sud tomonidan bekor qilingan shaxslardan vaqtinchalik propiskani olib qo‘yishni taklif qilmoqda. Yangiliklar soxta nikoh va farzand asrash amaliyoti orqali yashash uchun ruxsatnoma olishga intilayotgan migrantlarga to‘siq sifatida ko‘rilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid