Jahon | 14:21 / 07.11.2023
7762
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: G‘azoda har 10 daqiqada bir bola halok bo‘lyapti

BMTning Yaqin Sharq agentligi mojaro paytida tinch aholini himoya qilishga chaqirdi.

Foto: AP

G‘azo sektorida Isroilning zarbalari oqibatida har 10 daqiqada bir bola halok bo‘lib, yana ikki nafari jarohat olyapti. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam agentligi ma’lumotlarida aytilgan.

Agentlik mojaro paytida tinch aholini himoya qilishga chaqirdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, o‘z navbatida, jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda «G‘azo bolalar qabristoniga aylanib borayotganini» aytdi.

Jahon tashkiloti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Falastin eksklavida «har kuni yuzlab qiz va o‘g‘il bolalar halok bo‘lyapti va yaralanyapti».

Guterrishning aytishicha, BMT va tashkilot sheriklari 2,7 million kishiga - G‘azo sektorining butun aholisi va G‘arbiy Sohil, shu jumladan Sharqiy Quddusdagi yarim million falastinlikka yordam berish uchun 1,2 milliard dollarlik gumanitar chaqiriq to‘g‘risida e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid