Sport | 14:02 / 07.11.2023
28718
11 daqiqa o‘qiladi

Londonda «qirpichoq». «Chelsi» «Tottenhem»ning superseriyasini to‘xtatdi

Ikki futbolchi chetlatildi, 5 ta gol bekor qilindi, 22 daqiqa qo‘shib berildi. APLda yana bir hissiyotlarga boy va qaynoq uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: IMAGO/George Beck/PPAUK

«Tottenhem» – «Chelsi» 1:4 (1:1, 0:3)
Gollar:
1:0 – 6 Kulusevski, 1:1 – 35, penalti Palmer, 1:2 – 75 Jyekson, 1:3 – 90 Jyekson, 1:4 – 90 Jyekson.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven (Heyberg, 45), Udodji, Meddison (Emerson, 45), Bissuma, Kulusevski (Skipp, 61), Sarr (Bentankur, 61), Son Xin Min, Jonson (Dayyer, 34).
«Chelsi» – Sanches, Jyeyms (Gyusto, 77), Tiago Silva, Disasi, Koluill (Kukurelya, 46), Gallaher, Fernandes (Mudrik, 58), Palmer, Kaysedo, Sterling (Ugochukvu, 90), Jyekson.
Ogohlantirishlar: Udodji (18), Jyekson (45), Sarr (45), Koluill (45), Gyusto (86), Mudrik (89), Ugochukvu (90).
Chetlatishlar: Romero (33), Udodji (55).

APLning 2- va 13-o‘rinlaridagi jamoalari uchrashuvi — u qadar intrigali bo‘lib ko‘rinmaydi. Angelos Posteko‘g‘li boshchiligida yangi davrga kirgan «Tottenhem» — dushanba kuni oqshomiga kelib APLning mag‘lubiyatsiz davom etayotgan yagona jamoasi sifatida qolayotgandi. Bu jamoa uchun 62 yildagi eng yaxshi start edi — dastlabki 10 turda sakkiz g‘alaba va ikki durang, «shporlar» hatto Maurisio Pochettino davrida ham bunday yorqin start qayd eta olmagandi.

O‘z navbatida, argentinalik mutaxassis boshchiligidagi «Chelsi» ham yangi davrda, ammo bu mavsum starti u qadar ko‘ngildagidek kechmadi, 11-tur arafasida jamoaning mag‘lubiyatlari soni (4) g‘alabalar sonidan (3) ko‘proq edi. Lekin turnir jadvalidagi o‘rinlariga qaramay jamoalar o‘ta shiddatli, kurashlar, voqealar va videotakrorlarga boy o‘yin namoyish etib berishdi. 

Ilk daqiqalardanoq ikki tomon ham hujumga tashlandi. «Tottenhem» esa APLda yetakchilik uchun kurashayotgan jamoa ekanini namoyish etdi va mehmonlarni tezkor gol bilan siyladi. Oltinchi daqiqada Meddison Sarrga bitta uzatma bilan raqibning yarimhimoya chizig‘ini o‘yindan uzib qo‘ydi.

Senegallik yarimhimoyachi Kulushevskini to‘p bilan ta’minladi, uning zarbasi esa Kolvillning beli orqali rikoshet bo‘lib borib Sanchesni dog‘da qoldirdi. Maydon markazidagi bunday xato mudofaadagi omadsizlik bilan qorishib, hisob ochildi.

Keyin esa mezbonlar to‘pni autdan o‘yinga kiritishda xato qilishdi va faqat Vikarioning qahramonligi jamoani javob golidan qutqardi.

Yana bir necha daqiqa o‘tib VAR katta sahnaga chiqdi va o‘yin oxiriga qadar bu yerdan tushmadi. Dastlab «Chelsi»ning omadi keldi: Jonson qanotdan Son Xin Minni to‘p bilan ta’minladi va koreyalik hujumchi darvozani ishg‘ol etdi. Ammo bundan oldin kichik ofsayd ro‘y bergandi, shu tufayli Maykl Oliver golni bekor qildi, VAR bilan uzoq maslahatlashuvdan keyin ham hukm o‘zgarmadi.

Lekin bu hali boshlanishi edi. Udodji ikki oyog‘i bilan Sterlingga tashlandi va sariq kartochka oldi. Raqib vaziyatni tekshirishni va qizil kartochka ko‘rsatishni talab qildi. Yana videotakror va qaror avvalgidek qoldi.

Yana bir necha daqiqa o‘tib «ko‘klar» hisobni tenglashtirdi. Sterling chap qanotdan jarima maydoniga kirib kelib, Porroni aldab o‘tdi va to‘pni uzoq burchakka joyladi. Yana VAR vaziyatga aralashdi. 10 daqiqa ichida to‘rtinchisi. Videotakrordan keyin Rahim to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani tasdiqlandi.

27-daqiqada «Chelsi» yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi, bu safar Moyses Kaysedo jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba berdi. Va yana Oliver vaziyatga aralashdi – lekin bu hujumda ikki epizod ko‘rib chiqildi:

Avval gol bekor qilindi, chunki zarba trayektoriyasiga turib qolgan Nikolas Jyekson ofsayd holatida edi;

Keyin Romeroning Ensoga tashlanishi ko‘rib chiqildi va «Tottenhem» ikkitalik jazoga duchor bo‘ldi — argentinalik himoyachi chetlatildi va 11-metrlik jarima zarbasi belgilandi.

Bu Romero APLdagi so‘nggi ikki yilda to‘rtinchi bor qizil kartochka olishi, ligada bu davrda boshqa hech kim u kabi ko‘p chetlatilmagan. Aslida u oldinroq maydonni tark etishi ham mumkin edi, 21-daqiqada u Tiagoga nisbatan xavfli o‘ynagan, yotgan holatda Koluillning oyog‘iga tepib qolgandi. Bu vaziyat Sterling gol urgan hujum boshlangan vaqtda ro‘y bergan hamda hakamlar e’tiboridan chetda qolgandi.

Yosh Palmer o‘z vaziyatidan foydalandi, Vikario to‘p yo‘nalishini topgan bo‘lsa ham unga yeta olmadi. O‘yin butunlay o‘zgardi — bu VAR tizimi tufayli. Usiz Kaysedoning goli hisoblangan bo‘lardi, ammo jamoalar teng tarkibda o‘ynashda davom etardi.

37-daqiqada «Chelsi» yana gol urdi: Sterling oldinga tashlandi va to‘pni Jyeksonga uzatdi, u esa osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ammo bekor qilingan gollar paradi davom etdi – bu safar Rahim ofsaydda qolgani videotakrorsiz ham ma’lum edi.

«Shporlar» uchun sinov shu bilan tugab qolmadi. Bo‘lim oxirida jamoa jarohat tufayli van de Venni ham yo‘qotdi: uning esa oyoq mushaklari shikastlandi.

Bo‘limga qo‘shib berilgan 12 daqiqa yakunlanib borayotganida yana videotakrorga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Jyeyms tirsagi bilan Udodjiga zarba berdi va maydondan chetlatilishi mumkin edi. Lekin hakam «Chelsi» yetakchisini kechirdi va hatto sariq kartochka ham olmadi.

Ikki markaziy himoyachisidan ayrilgan Posteko‘g‘li markazdagi yaratuvchilar — Jonson va Meddison (u ham oyog‘ini qayirib oldi) juftligidan voz kechishga majbur bo‘ldi. U tanaffusda qo‘shimcha tuzatishlar kiritdi va jamoa to‘liq himoyalanishga o‘tdi.

Pochettino ham pauzadan foydalanib, Kolvill o‘rniga Kukurelyani tushirdi. Bu orqali mehmonlar bir o‘q bilan ikki quyonni urishdi. Birinchidan, birinchi bo‘lim oxirida asablari dosh bermagan va mojaro keltirib chiqargan Kolvill qizil kartochka ishlashi ehtimoli istisno qilindi. Ikkinchidan, chap qanotda bosim kuchaytirildi va bu oxir-oqibat mezbonlar safida yana bir futbolchi chetlatilishiga olib keldi.

Ikkinchi bo‘lim kutilganidek mehmonlarning hujumlari bilan boshlandi. 55-daqiqada Sterling qarshi hujumga otildi va birinchi bo‘limda sariq kartochka olgan Udodji uni yiqitdi.

Foto: IMAGO/Paul Terry/Global Look Press

Italiyalik himoyachi podkat boshlayotganida qanday ahmoqlik qilayotganini tushunib qoldi, ammo endi kech bo‘lgandi.

Foto: CHRIS LEE/GETTY IMAGES

Endi «Chelsi»ning g‘alabasi vaqt masalasi bo‘lib qolgandi. Qator futbolchilar pozitsiyalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan «9 ga 11» formatida hech qanday ikkinchi plan ish bermasligi tayin edi. «Tottenhem» endi oldingi turlarda o‘zining jabrlanuvchisi bo‘lgan «Liverpul» rolini bajarib, 20 daqiqa davomida qahramonlarcha himoyalandi, Vikario mo‘jizalar ko‘rsatdi, himoyachi Heyberg darvoza chizig‘i ustidagi to‘pni tizzasi bilan olib chiqdi, jamoa ustozi esa quyi blokda himoyalanmasdan, himoya chizig‘ini deyarli maydon markazida qurdi.

Bu bir tomondan ko‘klarni ofsaydda tutishga yordam berardi. Boshqa tomondan — «Chelsi» tarkibida tezkor futbolchilar juda ko‘pligi tufayli xavflarni arita olmasdi. Hatto Kukurelya ham birga-bir vaziyatga chiqib ketdi, Pochettino esa Fernandes o‘rniga Mudrikni tushirib, forvardlar sonini oshirdi.

Alal-oqibat son ustunligi sifat ustunligiga aylandi va 75-daqiqada «Chelsi» baribir hisobda oldinga chiqdi – Sterling yana barchadan qochib ketdi va bo‘sh darvoza qarshisida ochilgan Jyeksonni to‘p bilan ta’minladi, u esa bir teginishda hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Bu vaziyatda ham ofsayd bor yoki yo‘qligi tekshirildi, ammo mehmonlarning yana omadi kelgandi – gol toza urilgan deb topildi.

Va shunday holatda ham «Tottenhem» o‘yinni tashlab qo‘ymadi va javob qaytara oldi – ammo Erik Dayyerning aniq zarbasidan keyin vaziyatga yana videotakror aralashdi va o‘yinda beshinchi bor golni bekor qildi. Bentankur bosh bilan to‘p uzatgan vaqtda Dayyerda kichik ofsayd bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

«Shporlar» yana nimadir qilishga urindi: qo‘lidan kelgancha, yoppasiga pressing uyushtirildi, standart vaziyatda yana o‘sha Bentankurda golli vaziyat bo‘ldi, Son ham o‘z uslubida yurish qilib ko‘rdi, ammo uning burchakka yo‘naltirilgan zarbasini Sanches qaytardi.

«Chelsi» esa son jihatdan ustunligidan foydalanib, qo‘shimcha daqiqalarda raqibni Jyeksonning ikkinchi va uchinchi gollari bilan uzil-kesil taslim etdi. 4:1 — umuman o‘yinga mos bo‘lmagan hisob.

Foto: ALEX PANTLING/GETTY IMAGES

«Tottenhem» uchun bu mavsumdagi ilk mag‘lubiyat. Qayg‘uli, ammo kritik darajada emas. Qolaversa, jamoa xarakteri aynan shunday o‘yinlarda toblanadi. «Chelsi» esa APLda so‘nggi oydagi ilk g‘alabasiga erishdi va 10-pog‘onaga ko‘tarildi, ammo jamoani keyingi turlarda «Man Siti», «Nyukasl», «Brayton» va «MYu» kabi raqiblar kutmoqda — bu o‘yinlarda esa raqib futbolchilari maydondan chetlatilishiga tayanish qiyin.

Gari Lineker ijtimoiy tarmoqda bu hodisani shunday ifodaladi: «Bu o‘yin emas, jahannam».

Mavzuga oid