O‘zbekiston | 11:53 / 07.11.2023
8583
5 daqiqa o‘qiladi

Veolia vakili: “Ishonamanki, bu yil qishda aholida e’tirozlar bo‘lmaydi”

O‘tgan qishda Toshkentning ko‘plab hududlarida ko‘p qavatli uylar yetarlicha isitilmadi. Kun.uz noyabrning ilk kunlarida shahardagi issiqlik ta’minoti operatori – Veolia mas’ullari bilan suhbatlashib, bu yilgi qishga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani haqida so‘radi.

2022 yil 1 iyuldan e’tiboran, Fransiyaning Veolia kompaniyasi davlat-xususiy sherikchilik asosida Toshkent shahri issiqlik ta’minotining yagona operatori sifatida ish boshladi. Kun.uz tizimga oid bir nechta savollar bilan kompaniya mas’ullariga murojaat qildi.

Kompaniya bosh muhandisi Ikromjon Isoqovning aytishicha, hozirda Toshkent shahrida 90 foiz issiqlikni ishlab chiqarish “Tosh elektromarkaz” va “Toshkent elektromarkaz” unitar korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi, 10 foizini “Veolia”ning o‘zi ishlab chiqaradi va 100 foiz issiqlikni aholiga yetkazib beradi.

“O‘tgan yili qishda haqiqatan ancha masalalar bo‘lgan. Asosiy muammo ishlab chiqariladigan elektr markazlarida gaz bosimi kam bo‘lgani uchun issiqlik yetarli darajada bo‘lmagani bilan bog‘liq. Shuning hisobiga ancha muammo bo‘ldi. Bu yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davomida 68 kilometrlik quvurlarni almashtirdik. Yoz vaqtida 16 bosimli sinovlarni o‘tkazdik. Eskirgan quvurlarni tekshirib, almashtirdik. Lokal qozonxonalarni ta’mirladik. Ishonamanki, bu yil kuz-qish mavsumini eson-omon o‘tkazamiz, aholida e’tiroz bo‘lmaydi”, – dedi kompaniya vakili.

Ikromjon Isoqov

Kompaniya mas’ullarining aytishicha, shahardagi 1500 km issiqlik tarmog‘ining 80 foizi texnik auditdan o‘tkazilgan. Bu boradagi ishlarni 2024 yil bahorida yakunlash reja qilingan.

“Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ba’zi joylarda issiqlik tarmoqlarini suv bosganini ko‘ramiz, torayish holatlari kuzatiladi, ya’ni bir paytlar o‘rnatilgan quvurlar diametri normativ talablarga javob bermaydi. Shunday ekan, o‘tkazilayotgan texnik audit hozirgi sxemadan kelib chiqib, tarmoq holatini talab darajasiga keltirish imkonini beradi”, – deydi “Veolia Energy Tashkent” MChJning kommunikatsiyalar va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Arsen Pogosov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim uchastkalarda tarmoqqa ruxsat berilmagan ulanishlar ham aniqlangan – ulardan odamlar ekinni sug‘orish uchun va boshqa maqsadlarda foydalangan.

“Bu kabi auditni o‘tkazmay turib, biz investitsiyaviy dasturni to‘laqonli baholay olmaymiz va shahar issiqlik ta’minoti sxemasini tuza olmaymiz. Bugungi kunda shahar issiqlik ta’minoti sxemasi mavjud emas va uni texnik auditsiz hamda tahlillarsiz tuzib bo‘lmaydi”, – deydi u.

Arsen Pogosov

“Veolia Energy Tashkent” Toshkent shahrining issiqlik tizimini ochiq tizimdan yopiq tizimga o‘tkazmoqchi. Bu haqda Ikromjon Isoqov gapirib berdi.

“Yopiq tizimda har bir xonadon yoki mavzeda ichki tizimning o‘zida suv isitiladi. Ko‘pgina davlatlar yopiq tizimda ishlaydi. Biz ham bunga harakatni boshladik – ikkita pilot loyihamiz bor. “Suvchi” (Bektemir tumanida) va “Sanoat energiya” (Sergeli tumanida) qozonxonalarimiz bor, ularda shu ish ustida ishlayapmiz, yangi lokal qozonxonalar qurildi. Hali ishga tushmadi, eskisini ishlatyapmiz. 2024 yil 1 martgacha tugatib, to‘liq ishga tushiramiz. Keyingi yildan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qozonxonalarni yopiq tizimga o‘tkazishni boshlaymiz. Shartnomamiz 30 yillik, rejamiz bo‘yicha 10 yil ichida 90 foiz qozonxonalarni yopiq tizimga o‘tkazamiz”, – deydi u.

Mas’ullarning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida ichimlik suvi va kanalizatsiya tariflari oshirilishi issiq suv narxlariga ta’sir qilmaydi. O‘tgan yili pasaytirilgan tariflarni qo‘llash va ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun Toshkent shahar budjetidan 2021-2027 yillarda 8,4 trln so‘m subsidiya ajratilishi ma’lum qilingandi. Subsidiyalar hisobiga aholi uchun narx o‘zgarmaydi.

“Ko‘tarilayotgan narx-navo bizga issiqlik yetkazib beradigan korxonalar va o‘rtamizdagi tarifga ta’sir qiladi. Bu subsidiyalar miqdoriga ta’sir qilishi mumkin, lekin aholi uchun narxlar o‘zgarmaydi”, – deydi Ikromjon Isoqov.

Mavzuga oid