Jahon | 23:24 / 08.11.2023
8471
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda birinchi marta gumanitar tanaffus e’lon qilindi 

Isroil o‘t ochishni 4 soatga to‘xtatdi, shuningdek, aholini janubga evakuatsiya qilish uchun xavfsiz yo‘lak ishini 1 soatga uzaytirdi. 

Foto: AFP

Isroil armiyasi birinchi marta G‘azo shahrining uchta yirik markaziy mahallasida aholiga suv va oziq-ovqat olish imkonini berish uchun to‘rt soatlik gumanitar tanaffus e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Shu bilan birga, sektorning shimoliy qismi aholisini janubga evakuatsiya qilish uchun yo‘lak ishi bir soatga uzaytirildi. Minglab odamlar G‘azoda shimoldan janubga o‘tadigan asosiy magistral bo‘ylab piyoda, mashina va aravalarda harakatlanmoqda. 

Bundan tashqari, Isroil Xon Yunusdan g‘arbda, Al-Mavasiyda «maxsus gumanitar hudud» yaratilishini ham e’lon qildi. 

Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu maslahatchisi Mark Regev ma’lumot berdi.

«Sohil bo‘ylab, O‘rta yer dengizi bo‘yida, HAMAS infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan joyda... biz dala shifoxonalari bilan gumanitar hudud yaratish haqida gapiryapmiz», dedi u. 

Regev so‘zlariga ko‘ra, Isroil «zarar darajasini minimallashtirish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda». Shuningdek, Isroil harbiylarining bu maqsadda qo‘ygan eng muhim qadami «odamlarni shimoldan janubga evakuatsiya qilishga chaqirish»dir. 

Janubdagi hududlarda Isroil hujumlari oqibatida falastinliklarning halok bo‘lgani haqidagi savolga Regev u yerdagi zo‘ravonlik darajasini TsAHAL hozirda HAMAS bilan og‘ir janglar olib borayotgan shimoliy hududlar bilan solishtirib bo‘lmaydi, dedi.

Mavzuga oid