Jahon | 11:35 / 08.11.2023
6055
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada harbiy asirlar uchun yangi lager ochilyapti

Harbiy asirlarni saqlash uchun ikkinchi lager ham xuddi birinchisi kabi xalqaro standartlarga javob beradi, deya ma’lum qildi «Yashashni istayman» tashkiloti. Lager ochilishi Ukrainada rossiyalik harbiy asirlar soni ortib borayotgani bilan bog‘liq.

Foto: AP

Ukrainada rossiyalik harbiy asirlar soni ko‘pligi sababli ularni saqlash uchun ikkinchi lager tashkil etiladi, deb xabar berdi «Yashashni istayman» hukumat tashkiloti 7 noyabr, seshanba kuni Telegram’da. Bundan tashqari, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, yana bir - uchinchi lager ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. «Harbiy asirlar sonining ko‘payishi ham frontdagi vaziyat, rossiyalik askarlar motivatsiyasining yomonlashuvi, ham Rossiya tomonining harbiy asirlar almashinuviga to‘sqinlik qilishi bilan bog‘liq», deb ta’kidladi tashkilot.

Lagerdagi sharoitlar xalqaro huquq normalariga mos keladi 

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi - «Zapad-1» lageri kabi yangi lager ham o‘z sharoitlari bo‘yicha xalqaro gumanitar huquqning barcha me’yorlariga javob beradi. «Rossiya harbiylari tibbiy yordam, kuniga uch mahal ovqat, qarindoshlar bilan muloqot qilish, shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari bilan doimiy aloqada bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. Lagerning o‘zi hudud ichida joylashgan, bu Jyeneva konvensiyalariga muvofiq keladi», deb xabar qilinadi. 

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 300 nafar harbiy asirga mo‘ljallangan yangi «Zapad-2» lageri Moldova bilan chegaradagi Vinnitsa viloyatida joylashadi. Lviv viloyatidagi «Zapad-1» lagerida 600 ga yaqin joy borligi avvalroq xabar qilingan edi. Taslim bo‘lgan rossiyaliklarning aniq soni noma’lum. 

Ukrainaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets so‘zlariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri mamlakat Rossiyadan deyarli 2600 harbiy asir va tinch aholini qaytargan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid