10:21 / 09.11.2023
6399

Netanyahu: sulh garovga olinganlar ozod qilinganidan keyin bo‘lishi mumkin

Isroil bosh vaziri garovga olinganlar ozod qilinmasdan turib, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini rad etdi. Avvalroq OAV sulh evaziga 15 isroillikni qaytarish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani haqida xabar bergan edi.

Foto: Lior Mizrahi/ Getty Images

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish faqat bir shart – Isroilga hujum chog‘ida HAMAS tashkiloti jangchilari tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish sharti bilan ro‘y berishi mumkinligini ta’kidladi. «Biz har tomondan eshitayotgan har xil mish-mishlarni rad etmoqchiman va bir narsani aniq aytmoqchiman: sulh garovga olinganlar ozod qilingandan keyin bo‘lishi mumkin», dedi 8 noyabr, chorshanba kuni kechqurun Isroil hukumati rahbari.

Shu bilan birga, u barcha garovga olinganlarnimi yoki ulardan faqat bir qismini ozod qilishni nazarda tutganmi, noaniqligicha qoldi. Avvalroq OAVda G‘azo sektorida garovga olingan 15 kishini ozod qilish evaziga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan edi. 

Bu iddaolarga javoban TsAHAL matbuot kotibi Daniel Xagari shunday dedi: «Biz o‘zimizni adashtirishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Otashkesim yo‘q. Biz HAMAS bilan kurashyapmiz. Hech qanday sulh bo‘lmaydi». 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top