Jahon | 09:28 / 09.11.2023
8367
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Ukrainaga harbiy yordam berishni to‘xtatdi

Slovakiyaning yangi hukumati Kiyevga 40 million yevro miqdoridagi 14-harbiy yordam paketini taqdim etishni blokladi. Avvalroq bosh vazir Fitso Bratislava faqat gumanitar va fuqarolik yordamini o‘tkazishini ma’lum qilgandi.

Robert Fitso Foto: EPA-EFE/MARTIN DIVISEK

Slovakiyaning yangi vazirlar mahkamasi Kiyevga 40 million yevrodan ortiq rejalashtirilgan harbiy yordam ko‘rsatish jarayonini to‘xtatdi. «Hukumat Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish rejasiga rozi emas», deyiladi 8 noyabr, chorshanba kuni rasmiy veb-saytda e’lon qilingan bayonotda. 

Avvalgi hukumat tomonidan ishlab chiqilgan 14-harbiy yordam paketi katta kalibrli o‘q-dorilar, zenit raketalari, minomyotlar va minalar taqdim etini o‘z ichiga olgandi. 

Shu tariqa, Robert Fitsoning yangi hukumati taxminan 20 oy davomida Rossiyaning keng ko‘lamli hujumidan himoyalangan Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ilgari e’lon qilingan siyosiy yo‘nalishni o‘zgartirdi. Urush boshlanganidan beri Slovakiya Ukrainaning eng qat’iy ittifoqchilaridan biri bo‘lib, unga umumiy qiymati 671 million yevroga yaqin qurol-aslaha taqdim etgan. 

Fitso oktyabr oxirida Ukrainaga harbiy yordam berish to‘xtatilishini e’lon qildi 

Oktyabr oyi oxirida rasman lavozimga kirishganidan ikki kun o‘tib, Slovakiyaning yangi bosh vaziri Bratislavadagi parlamentda Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilishini e’lon qildi. «Biz Ukrainaga yordamni faqat insonparvarlik va fuqarolik yordami sifatida taqdim etishimiz mumkin. Ukrainaga endi qurol yetkazib bermaymiz», - dedi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan «Yo‘nalish - sotsial demokratiya» (SMER-SD) partiyasi rahbari. 

Ukrainadagi urush - «bizning urushimiz emas, bu urushga hech qanday aloqamiz yo‘q», dedi u. Shuning uchun «harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish Ukraina uchun bizda mavjud bo‘lgan eng yaxshi yechim», dedi Robert Fitso. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi «qurol yetkazib beruvchidan tinchlikparvarga aylanishi» kerak. Shu bilan birga, Slovakiya bosh vaziri Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qarshi chiqdi. «Rossiyaga qarshi sanksiyalarning Slovakiyaga ta’sirini o‘rganmagunimizcha, ovoz bermayman. Agar aksariyat sanksiyalarda bo‘lgani kabi bizga zarar keltiradigani mavjud bo‘lsa, men ularni qo‘llab-quvvatlashga hech qanday sabab ko‘rmayapman», - dedi u. 

Mavzuga oid