11:58 / 11.11.2023
56290

Makron Isroilni «ayollar va bolalarni o‘ldirishni to‘xtatish»ga chaqirdi

«Tinch aholiga yetkazilgan har qanday zarar uchun javobgarlik Isroil emas, HAMAS zimmasidadir», deyiladi Binyamin Netanyahu idorasining Makronga javoban e’lon qilgan bayonotida.

Foto: BBC

Isroil G‘azoda «ayollar va bolalarni o‘ldirishni to‘xtatishi» kerak. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 11 noyabr, shanba kuni chop etilgan Britaniyaning BBC media-kompaniyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Yelisey saroyida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Makronning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorini bombardimon qilish uchun «hech qanday asos» yo‘q va o‘t ochishni to‘xtatish Isroilga foyda keltiradi. Fransiya Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tan oladi, «lekin undan bu bombardimonlarni to‘xtatishni qat’iy talab qilamiz», dedi Makron va «HAMASning harakatlarini qoralashini» qo‘shimcha qilib o‘tdi. 

G‘azo sektoriga yordam bo‘yicha konferensiya 

9 noyabr kuni Parijda G‘azo sektoridagi tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Emmanuel Makron BBC’ga bergan intervyusida aytganidek, ushbu yig‘ilishda qatnashgan barcha hukumatlar va tashkilotlar «avval gumanitar sabablarga ko‘ra jangovar harakatlarni to‘xtatish, so‘ng barcha tinch aholini himoya qiladigan o‘t ochishni butunlay to‘xtatish rejimiga o‘tishni e’lon qilishdan boshqa yechim yo‘q», degan xulosaga kelgan.

«De-fakto, tinch aholi bombardimon qilinmoqda - de-fakto. Go‘daklar, ayollar, keksalar bombardimon qilinmoqda va o‘ldirilmoqda. Buning uchun hech qanday sabab va qonuniylik yo‘q. Shuning uchun biz Isroilni to‘xtashga chaqiramiz», - deya ma’lum qildi Fransiya rahbari. Shu bilan birga, Makron Falastin-Isroil mojarosi paytida xalqaro huquq buzilgani yoki buzilmaganini baholash uning vazifasi emasligini ta’kidladi. 

Netanyahuning Makronga javobi 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Makronning bayonotlariga tezda javob qaytardi. «Tinch aholiga yetkazilgan har qanday zarar uchun javobgarlik Isroilda emas, HAMAS zimmasiga yuklatiladi, — deyiladi Isroil bosh vaziri ofisining X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida. - Chunki bu tashkilot yuzlab isroilliklarni shafqatsizlarcha o‘ldirdi va 200 dan ortiq isroillikni garovda ushlab turibdi». 

«Isroil tinch aholini saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda va ularni jangovar zonalarni tark etishga chaqirar ekan, HAMAS ulardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda va xavfsizroq hududlarga ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilmoqda», - deya ta’kidlanadi Isroil bosh vaziri ofisi bayonotida. 

Hujjatda: «Bugun HAMASning G‘azoda sodir etgan jinoyatlari ertaga Parij, Nyu-York va butun dunyoda qoralanadi», deyiladi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 800 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top