Jahon | 14:02 / 13.11.2023
9636
6 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi eng yirik shifoxona ishi to‘xtab qoldi

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ash-Shifo klinikasida uch kundan beri suv ham, elektr ham yo‘q. «Chegara bilmas shifokorlar» vaziyatni halokatli deb e’lon qildi. 

Foto: Maxar Technologies/Handout/REUTERS

G‘azo sektorida Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) va HAMAS guruhi o‘rtasidagi shiddatli janglar natijasida qirg‘oqbo‘yidagi eng yirik Ash-Shifo kasalxonasining faoliyati to‘xtab qoldi. Bu haqda 12 noyabr, yakshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi. JSST rahbari Adhanom Gebreyyesusning aytishicha, klinikadagilar uch kundan beri elektr va suvsiz o‘tiribdi, u yerdagi vaziyat o‘ta xavfli tus olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar orasida o‘lim holatlari keskin oshgan. Yuzlab kasallar, shuningdek, kasalxona hududidan boshpana izlagan minglab odamlar frontlar orasida tuzoqqa tushib qolgan. Kasalxona majmuasi so‘nggi kunlarda qayta-qayta o‘qqa tutilgan. «Chegara bilmas shifokorlar» xayriya tashkiloti klinikadagi vaziyatni «halokatli» deb atadi. 

Klinikaga yonilg‘i yetkazib berilmayapti

Shu bilan birga, Isroil harbiylari kecha tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlarni quvvatlantiradigan favqulodda generator uchun kasalxonaga 300 litr yonilg‘i yetkazib berishganini, bu harakatlarni klinika vakillari bilan kelishib olganini xabar qildi. Ammo, ularning iddao etishicha, HAMAS kasalxonaga bundan ortiq yonilg‘i yetkazishga go‘yoki ruxsat bermagan.

G‘azo sektoridagi yana bir kasalxona - Al-Quds generatorlar uchun yogilg‘i yetishmasligi sababli faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, deya ma’lum qildi Falastin Qizil yarim oy jamiyati. Avvalroq Isroil harbiylari kasalxonalardagi bemorlar va shifokorlarni evakuatsiya qilish imkoniyatini taqdim etgani haqida xabar bergan edi. TsAHAL Ash-Shifo klinikasiga hujumlar bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti va HAMAS jangchilari uning binolari va ular ostidagi tunnellarda yashiringaniga ishora qilyapti. 13 noyabr kuni ertalab HAMAS vakillari G‘azo sektori shimolidagi barcha shifoxonalar ishlamayotgani to‘g‘risida e’lon qildi. 

JSST Al-Shifo kasalxonasi xodimlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) HAMASga qarshi kurashayotgan G‘azo sektoridagi Ash-Shifo kasalxonasi xodimlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi. 12 noyabr kuni JSST mintaqaviy ofisi: «Kasalxonaga takroriy hujumlar haqida qo‘rqinchli xabarlar paydo bo‘layotgani sababli, bizning xodimlarimiz mintaqadan qochgan o‘n minglab kishilar safiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin», deya ma’lum qildi va yana bir bor «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga» chaqirdi. 

JSST «tibbiyot xodimlari hamda yuzlab kasal va jarohatlangan bemorlarning xavfsizligidan qattiq xavotirda», deyiladi tashkilot bayonotida. «Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, statsionar bemorlarning soni kasalxona sig‘imidan deyarli ikki baravar ko‘p, bu shoshilinch xizmatlar hayotni saqlab qolish uchun yordam bilan cheklangan bo‘lsa ham kuzatilmoqda», deya ta’kidlab o‘tdi JSST. 

YeI Isroilni «maksimal darajada vazminlikka» chaqirdi

Ayni paytda, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu XAMAS tomonidan garovga olinganlarning kamida bir qismini ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyatini bildirdi. Amerikaning NBC telekanalida u bu boradagi muzokaralar tarafdori ekanini aytib, ehtimoliy kelishuv tafsilotlari haqida gapirishdan bosh tortdi. «Men bu masalada qanchalik kam gapirsam, bu haqiqatga aylanishi ehtimoli shunchalik ko‘payadi», dedi u. 

O‘z navbatida, 12 noyabr oqshomida Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroilni tinch aholi hayotini himoya qilish uchun «maksimal darajada vazminlik» ko‘rsatishga chaqirdi. 

Germaniya kansleri Olaf Shols chet el fuqarolarining mamlakatni tark etishi uchun gumanitar pauzalar bo‘yicha pozitsiyani qo‘llab-quvvatladi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid