10:56 / 13.11.2023
2957

JSST Ash-Shifo kasalxonasi xodimlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Isroil armiyasi HAMASga qarshi kurash olib borayotgan G‘azo sektoridagi Al-Shifo shifoxonasi tibbiyot xodimlarining xavfsizligi va taqdiridan xavotirda. TsAHAL kasalxonaga hujum va uni qamal qilish bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti. 

Foto: Ismail Zanoun/AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) HAMASga qarshi kurashayotgan G‘azo sektoridagi Ash-Shifo kasalxonasi xodimlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi. 12 noyabr, yakshanba kuni JSST mintaqaviy ofisi: «Kasalxonaga takroriy hujumlar haqida qo‘rqinchli xabarlar paydo bo‘layotgani sababli, bizning xodimlarimiz mintaqadan qochgan o‘n minglab kishilar safiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin», deya ma’lum qildi va yana bir bor «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga» chaqirdi. 

JSST «tibbiyot xodimlari hamda yuzlab kasal va jarohatlangan bemorlarning xavfsizligidan qattiq xavotirda», deyiladi tashkilot bayonotida. «Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, statsionar bemorlarning soni kasalxona sig‘imidan deyarli ikki baravar ko‘p, bu shoshilinch xizmatlar hayotni saqlab qolish uchun yordam bilan cheklangan bo‘lsa ham kuzatilmoqda», deya ta’kidlab o‘tdi JSST. 

TsAHAL kasalxona qamal qilingani haqidagi ayblovlarni rad etyapti 

Avvalroq Isroil mudofaa kuchlari shifoxonaga qilingan hujum haqidagi ayblovlarni rad etgan edi. «So‘nggi bir necha soat ichida biz Ash-Shifo kasalxonasini qurshab olganimiz va hujum qilayotganimiz haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqaldi, - dedi kechasi TsAHAL vakili Daniel Xagari. - HAMAS kasalxonalarda sodir bo‘layotgan voqealar haqida yolg‘on gapirmoqda».

Xagarining aytishicha, isroillik harbiylar «kasalxonaga kirish yoki kasalxonadan chiqishga imkon beruvchi doimiy yo‘lak» qoldirgan. Armiya shuningdek, Ash-Shifo kasalxonasidan bolalarni evakuatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlashi aytiladi. 

Ash-Shifo kasalxonasi 700 o‘ringa ega bo‘lib, shoshilinch va jarrohlik yordamini ko‘rsatadi. Bu G‘azo sektoridagi eng katta shifoxona majmuasi. Isroilning iddao etishicha, HAMAS shifoxonadan qo‘mondonlik va nazorat markazi sifatida foydalanadi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top