O‘zbekiston | 14:21 / 14.11.2023
4008
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Farg‘onada aqlli shahar tizimini joriy etmoqchi

Loyiha o‘z ichiga “aqlli transport”, “aqlli energetika tizimi”, “aqlli suv va gaz ta’minoti” kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. 

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Xitoyning Chengdu Shiny Technology hamda Zhiyuanhui Information Technology kompaniyalari vakillarini qabul qildi

Uchrashuvda Farg‘onada “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining joriy yil sentabr oyida Xitoyga amaliy tashrifi davomida Chendu shahrida Zhiyuanhui Information Technology kompaniyasi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ushbu loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan.

“Aqlli transport”, “aqlli energetika tizimi”, “aqlli suv va gaz ta’minoti” va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladigan ushbu loyihaning joriy qilinishi yagona raqamli muhitni shakllantirish orqali hududlarni boshqarish samaradorligini oshiradi, bir butun holatda boshqarishga imkoniyat yaratadi. Barcha kommunal tizimlarning “aqlli texnologiyalar”ga birlashtirilishi xizmatlar sifatida yanada oshishini ta’minlaydi.

Xitoy delegatsiyasi vakillari viloyatdagi qator tegishli tashkilotlarda bo‘lib, uchrashuvlar o‘tkazadi, ushbu uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha loyihaning texnik shartlarini ishlab chiqish va amaliy bosqichga o‘tish rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid