Jahon | 15:10 / 15.11.2023
3424
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainaga yana 110 mln yevrolik gumanitar yordam ajratadi

Yevropa Ittifoqidan keladigan yangi gumanitar yordamning umumiy miqdoridan 100 million yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yuboriladi. Yana 10 millioni Moldovadagi ukrainalik qochqinlarga yordam berish uchun mo‘ljallangan.

Foto: Yevhen Titov/REUTERS

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qo‘shimcha 110 million yevro gumanitar yordam beradi. Bu haqda 14 noyabr, seshanba kuni insonparvarlik yordami va inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich ma’lum qildi. U qishning boshlanishi aholi zaif qatlamlari uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishini ta’kidlab o‘tdi.

«Rossiya raketalari Ukrainada vayronagarchilik keltirib chiqarar ekan, gumanitar hamjamiyat qahraton qish oylarida azob chekadigan aholining eng zaif qatlamlariga yordam berishga tayyor bo‘lishi kerak», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Lenarchichning so‘zlariga ko‘ra, yangi mablag‘lar naqd pul, oziq-ovqat, suv, uy-joy, tibbiy yordam, psixologik-ijtimoiy yordam va himoya bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan, deyiladi Yevrokomissiya bayonotida. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qo‘shimcha elektr generatorlarini yuboradi. 

Jami 110 million yevroning 100 millioni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga taqdim etiladi, yana 10 millioni Moldovada ukrainalik qochqinlarga yordam berish uchun mo‘ljallangan. 

Shu tariqa, Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqining Kiyevga ko‘rsatgan gumanitar yordami umumiy hajmi 843 million yevroga yetadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid