Iqtisodiyot | 13:16 / 18.11.2023
84453
9 daqiqa o‘qiladi

Ashirto‘pdagi mudhish qotillik: tunda tolga osilgan yigit

O‘sha kuni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Elobod mahallasi aholisi tongni sovuq xabar bilan qarshi oldi: Ashirto‘pi qishlog‘ida yashovchi,oddiy mehnat qilib ro‘zg‘or tebratib yurgan 29 yoshli yigitning murdasi daraxtga osilgan holda topilgandi. Ko‘pchilik yigit o‘z joniga qasd qilibdi, deya o‘ylayotgan bir paytda bu qotillik ekani oydinlasha boshlaydi. Qotilning kimligi aniqlanganida esa qishloq odamlari bo‘lishi mumkin emas, deya hayratdan yoqa ushlab qoladi.

Foto: Kun.uz

Mazkur jinoyatni “hazm” qilish elobodliklar uchun oson bo‘lmagan. Sababi, qishloq odamlari yaxshi tanigan, birovga yordami tegsa tekkan-u, yomonligi tegmagan yigit ayni navqiron yoshida vahshiylarcha o‘ldirilib, atrofda o‘z joniga qasd qilibdi degan tasavvurni uyg‘otish uchun tolga osib ketilgandi.

Tongdagi mudhish xabar

2019 yilning 13 apreli. Ayni yerga urug‘ qadaydigan palla. Bulung‘ur tumanidagi “Hazrat bobo” fermer xo‘jaligi raisi yerni kartoshka ekishga tayyorlash va buning uchun ishchi qizlarni uyidan dalaga olib kelish maqsadida Damas mashinasida yo‘lga chiqadi. Yo‘l xo‘jalik dalalari bo‘ylab o‘tgandi.

Mashina boshqarib borayotgan raisning e’tiborini yo‘ldan fermer xo‘jalik dalasi tomonga kiritib qo‘yilgan boshqa bir Damas mashinasi tortadi. Bu paytda hali quyosh chiqmagan, atrofga g‘ira-shira yorug‘lik ina boshlagandi.

Rais ichki bir xavotir bilan nima gapligini bilish maqsadida mashina rulini o‘sha tomonga buradi. Begona mashina oldiga borib, atrofni ko‘zdan kechiradi. Keyin asta sal narida qator ekilgan tollar tomonga o‘tadi. Shunda uning nigohi tollardan birida bo‘ynidan osilgan holda turgan murdaga tushadi. Rais yaqinroq borib, bu qishloqdoshi Sohibjon Karimov ekanini taniydi.

Nima qilishini bilmay biroz dovdirab qolgan rais mashinasiga o‘tirib, marhumning uyiga yo‘l oladi. Erta tong emasmi, Sohibjon Karimovning yaqinlari hali uyqudan uyg‘onmagandi. Mashinaning ketma-ket signalidan avvaliga Sohibjonning onasi, keyin ukasi va dadasi, turmush o‘rtog‘i uydan chiqib keladi.

— Mashinaga o‘tiringlar, sizlarni bir joyga olib bormasam bo‘lmaydi, — deydi ko‘rganlarini birdan aytib berish noqulay bo‘lgan fermer xo‘jalik raisi.

Shu tariqa u Sohibjonning yaqinlarini mashinaga mindirib, voqea joyiga olib boradi. Marhumning ona, dadasi va turmush o‘rtog‘i dalada turgan Damas’ni tanib, o‘sha tomonga yuradi. Ukasi esa akajon deb baqirgancha tollar tomonga yuguradi.

Shubhali o‘lim

Bo‘ynidan tolga osig‘liq turgan marhumni yechib olib, uyga keltirishadi. Voqeadan qo‘ni-qo‘shnilar, qishloq ahli xabar topadi. Hammaning tilida bir gap aylana boshlaydi: “Sohibjon o‘z joniga qasd qilibdi”.

Janoza vaqti belgilanadi. Bu orada IIB xodimlari keladi, sud tibbiy ekspertiza tayinlanib, marhumning murdasi olib ketiladi.

Hamma yigit o‘z joniga qasd qilganini aytar, biroq negadir o‘lim shubhali edi. Bu ekspertizada ham o‘z tasdig‘ini topadi.

Jumladan, Bulung‘ur tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘limida murdaning chap yonoq, bo‘yin, ikkala kurak usti, o‘ng qo‘l ikkinchi barmoq, ikkala tizza bo‘g‘imi, ikkala boldir sohalarida ko‘plab shilinmalar va qontalashlar ko‘rinishidagi jarohatlar aniqlanadi. Murdaning bo‘yin sohasida aniqlangan uch izli hayotiy sirtmoq izlari joylashuvi hamda xususiyatlariga ko‘ra arqon yordamida kamida uch marotabagacha siqib bo‘g‘ib, bo‘shatib, yana takroran bo‘g‘ilganini ko‘rsatib turardi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari boshlanadi.

Qotilning xatosi

Guvohlar, Sohibjon Karimov bilan so‘nggi bor gaplashgan, uchrashgan insonlar tergovga jalb qilinib, ularning ko‘rsatmalari olina boshlaydi.

Bu qotillik ekani ayon bo‘lgach, qishloq ahli hayratdan yoqa ushlab qolgan, o‘zaro suhbatlarda turli taxminlarni pichirlasha boshlagandi. Ammo hech kim qotil jimgina ular orasida ko‘z yoshi to‘kib yurganini bilmasdi.

Asosiy guvoh – fermer xo‘jalik raisining ko‘rsatmalarida bir nuqta e’tiborni tortadi. U marhumning yaqinlarini voqea joyiga olib borguncha ko‘rganlari haqida hech narsa demagan, ammo Sohibning ukasi Islom hamma narsani oldindan bilgandek birdaniga aka deb baqirgancha tollar tomonga yugurgandi.

Barcha dalillar qotil marhumning ukasi, 20 yoshli Islom Karimov ekaniga ishora qilardi...

Jinoiy reja

Islom Karimov akasini nega o‘ldirdi? Shunchaki, Damas’ga egalik qilish uchun. Sababi, ushbu mashinani aka-uka birga ishlab, pul yig‘ib olishgandi.

Sohibjon va Islom Rossiyaning Samara shahrida ishlab, pul to‘plashadi va uyga qaytgach oilasi bilan birga jamg‘arilgan pullar hisobidan Damas mashinasini xarid qilishadi.

Mashina otaning nomiga rasmiylashtirilgandi. Keyinchalik Sohibjon haydovchilik guvohnomasini olib, mashinani boshqara boshlaydi. U har kuni erta tongda yo‘lga chiqib, Samarqand shahriga borib ishlar va kechga qaytardi.

Islom mashinaga to‘liq egalik qilish haqida o‘ylay boshlaydi. Buning uchun akasini o‘ldirishga qaror qiladi va jinoiy reja tuzib, bu ishga qarindoshi, voyaga yetmagan Odil Mustafoyevni ham jalb etadi.

Rejaga binoan Islom va Odil kechki mahal ishdan qaytgan vaqtda Sohibjonni yo‘lda to‘xtatib, mashinaga chiqib olishi, Islom Damas’ning o‘rta o‘rindig‘iga o‘tirib, arqon yordamida akasining bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirishi, voyaga yetmagan Odil old o‘rindiqda o‘tirib, Sohibjonning qarshiligini yengish uchun uning qo‘l va oyoqlarini ushlab turishi lozim bo‘lgan.

Damas’dagi qotillik

2019 yil 12 aprel kuni Islom va Odil rejani amalga oshirish maqsadida arqon olib, Elobod mahallasiga qarashli Ashirto‘p qishlog‘idagi ko‘prik ustida kutib o‘tirishadi.

Sohibjon manzilga yetib kelganida uka va qarindosh mashinani to‘xtatib, minib olishdi. Hech narsadan bexabar bo‘lgan aka mashinani uy tomonga boshqarib, yo‘lni davom etadi.

Biroz yurgach o‘rta o‘rindiqda o‘tirgan Islom arqon bilan o‘z akasini bo‘g‘a boshlaydi. Old o‘rindiqdagi Odil esa mashinani o‘chirib, qarshi ko‘rsatishga harakat qilayotgan Sohibjonning oyoqlarini ushlab turadi.

Ukasi va qarindoshidan bunday harakatni kutmagan Sohibjon esankirab qoladi. Ammo uning kuchi ikki yigitga yetmaydi, hushidan ketib, yiqiladi. Uni o‘ldi deb o‘ylagan Islom mashinani ortga burib, Yangiqara qishlog‘i tomonga boshqarib ketadi.

Biroq Sohibjon vafot etmagandi, biroz o‘tib hushiga keladi va qimirlay boshlaydi. Shunda Islom mashinani hududdan o‘tgan Mirzaariq kanali bo‘yida to‘xtatib, akasini mashinadan tushirib, yerga cho‘kkalatib olgan holda joni uzilgunga qadar bo‘g‘ib turadi. Odil esa bu paytda Sohibjonning qo‘llaridan ushlab, uning qarshiligini yengib turadi. Shu tariqa Islom jinoiy sherigi Odil bilan o‘z akasini qasddan o‘ldiradi.

Keyin mashinani “Hazrat bobo” fermer xo‘jaligiga tegishli dala maydoniga qadar boshqarib kelishgan va Sohibjonning murdasini o‘z joniga qasd qilganlik ko‘rinishini berish uchun qator o‘sib turgan tol daraxtlaridan biriga osib qo‘yishgan. So‘ngra mashinani ham o‘sha yerda qoldirib, uy-uylariga tarqalishgan.

Jinoyat jazosiz qolmadi

2019 yilning 23 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi Sohibjon Karimovning o‘limi bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqqan.

Islom Karimov va Odil Mustafoyevning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari, sud-tibbiy ekspertiza natijalari va boshqa rad qilib bo‘lmas dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

Sud hukmiga ko‘ra, o‘z akasining qotiliga aylangan Islom Karimovga 18 yil, voyaga yetmagan Odil Mustafoyevga esa 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud materiallari asosida Ruslan Saburov tayyorladi.

Mavzuga oid