Jahon | 09:00 / 20.11.2023
11661
3 daqiqa o‘qiladi

Argentinada yangi prezident saylandi

«Zanjirli arraga ega iqtisodchi» laqabli yangi prezident - Xaver Miley budjet xarajatlarini jiddiy ravishda qisqartirmoqchi. U mamlakatning BRICS’ga kirishiga qarshi.

Foto: Télam

Argentinada o‘ng qanot «Ozodlik kelyapt» alyansi bir qismi bo‘lgan Libertarlar partiyasiga rahbarlik qiluvchi Xaver Miley prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, u 56 foizga yaqin ovoz to‘plagan. 20 noyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Mileyni saylovlardagi g‘alabasi bilan uning raqibi, «Vatan uchun ittifoq» hukmron koalitsiyasidan nomzod bo‘lgan Argentina iqtisodiyot vaziri Serxio Massa hamda bir qator Lotin Amerikasi davlatlari yetakchilari tabrikladi.

«Men Xaver Miley bilan bog‘lanib, uni tabrikladim va omad tiladim, chunki u argentinaliklarning ko‘pchiligi keyingi to‘rt yilga tanlagan prezident», - dedi Serxio Massa ovoz berishning rasmiy natijalari e’lon qilinishidan oldin. 

Mileyni sobiq va amaldagi davlat rahbarlari tabrikladi

Ayni paytda, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva X ijtimoiy tarmog‘i orqali Argentina yangi hukumatiga Miley ismini tilga olmay, «omad va muvaffaqiyat» tiladi. «Braziliya argentinalik birodarlarimiz bilan hamkorlik qilish uchun doimo tayyor bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi prezident. 

Chili prezidenti Gabriel Borich Font ham X ijtimoiy tarmog‘ida Mileyga tabriklarni yetkazdi. Ammo Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Argentinadagi prezidentlik saylovlarida o‘ng qanot nomzodi g‘alabasidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, buni «Lotin Amerikasi uchun qayg‘uli voqea» deb atadi. 

«Neoliberalizm endi jamiyatga hech narsa taklif qila olmaydi, u insoniyatning dolzarb muammolariga javob bera olmaydi», deb yozgan Petro X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ayni paytda, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Miley bilan «juda faxrlanishini» aytdi. 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana kurashmoqchi bo‘lgan respublikachi: «Siz o‘z mamlakatingizni rivojlantirasiz va Argentinani yana buyuk qilasiz», deb yozgan. 

Xaver Miley nimalarni va’da qildi?

Argentina yangi prezidenti Xaver Miley mamlakatning BRICS guruhiga a’zoligini qo‘llab-quvvatlamaydi, davlatning fuqarolar hayotiga minimal aralashuvini yoqlaydi, Markaziy bankni tugatmoqchi va milliy valutani dollarga almashtirishni taklif qilyapti. Saylovoldi kampaniyasi davomida u Rossiya, Xitoy va Braziliyaning «kommunistik» hukumatlari bilan aloqalarni uzish rejasini ham e’lon qildi. 

Iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun zanjirli arrani o‘ziga timsol sifatida tanlagan nomzod budjet xarajatlarini jiddiy qisqartirmoqchi.

Mavzuga oid