Jahon | 10:14 / 21.11.2023
7971
4 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Rossiya bilan chegarani butunlay yopmoqchi

Finlandiya OAV xabar berishicha, rasmiylar 22 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya bilan chegaradagi qolgan 4 ta nazorat-o‘tkazish punktini yopish niyatida. Tez orada qaror qabul qilinishi mumkin.

Foto: Vesa Moilanen/dpa/Lehtikuva/picture alliance

Finlandiya 22 noyabrga o‘tar kechasi muhojirlarning keskin oqimi tufayli Rossiya bilan chegarani butunlay yopish niyatida. Bu haqda 20 noyabr, dushanba kuni Iltalehti fin nashri tashqi siyosat va xavfsizlik sohasidagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Helsinkidagi hukumat bunday qarorni dushanba kuniyoq qabul qilishi mumkin, biroq keyinroq IltaLehti bu sodir bo‘lmasligi haqida xabar olgan.

Dastlabki 5 ta nazorat punkti o‘tgan hafta yopildi

18 noyabrga o‘tar kechasi Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi 9 ta chegara punktidan 4 tasini yopdi. 18 fevralgacha chegaraning janubi-sharqiy qismidagi «Imatra», «Niirala», «Nuyyamaa» va «Vaalimaa»nazorat-o‘tkazish punktlari ishi to‘xtatildi. 19 noyabr kuni beshinchi «Vartius» nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopildi. Bundan oldin Finlandiya hukumati «Vartius»dagi chegarachilarga yordam berish uchun qurolli kuchlarni yuborgan.

Finlandiya rasmiylari Rossiya bilan chegarani yopish qarorini uchinchi davlatlardan Rossiya hududi orqali kelayotgan noqonuniy muhojirlar oqimining keskin oshgani bilan oqlamoqda. Helsinki Rossiya tomonini oqimni uyushtirganlikda ayblab, bu 2015 yilda ham sodir bo‘lganiga ishora qildi. Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyoning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat «Rossiyadan keladigan bunday yomon narsalarga» tayyor edi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi barcha ayblovlarni rad etdi.

Migrantlar Finlandiya tomon yo‘l olishga majburlangan

Yle ma’lumotlariga ko‘ra, «Vartius» chegara o‘tish joyida Finlandiyaga kelgan ba’zi boshpana izlovchilar o‘z xohishiga qarshi Rossiyadan «chegaraning narigi tomoniga surilgan». Chegarani kesib o‘tganlar Rossiyani tark etishdan bosh tortgan, biroq chegarachilar ularni «Rossiya chegara postidan Finlandiya tomon itarib yuborgan», keyin esa ularning ortidan darvozani yopgan, shu sababli Rossiya hududiga qaytish imkonsiz bo‘lib qolgan, dedi «Vartius» chegara posti boshlig‘i Youko Kinnunen. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar 20 kishidan iborat kichik guruhlarda olib kelingan.

Chegara punkti yopilganidan keyin yana 20 nafar boshpana izlovchi nazorat punktiga velosipedda yetib kelgan. Finlandiya chegarachilariga ko‘ra, odamlarni Finlandiyaga olib ketishga to‘g‘ri kelgan, chunki rus chegarachilari ularni qaytarib qabul qilmagan. Ular asosan Somali fuqarolari bo‘lgan.

So‘nggi kunlarda Iroq, Suriya, Yaman va boshqa Yaqin Sharq davlatlarining yuzlab fuqarolari Finlandiyaga borish uchun Rossiya chegarasini kesib o‘tdi, deb yozadi YLE News. Avgust oyidan beri boshpana uchun ariza beruvchilar soni ortib bormoqda, biroq ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun kerakli hujjatlar yo‘q. Finlyandiya chegara qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari Markku Hassinenning aytishicha, rasmiylar buni «aniq tashkil etilgan» deb hisoblaydi, chunki «u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas». «Bu milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lib, sharqiy chegara hududidagi hukumatlar faoliyatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda», dedi Hassinen.

Mavzuga oid