Jahon | 14:20 / 22.11.2023
3219
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dekabr oyida YeI bilan muzokara boshlanishi haqidagi qarorni kutmoqda

Moldova prezidenti Mayya Sandu Kiyevda Volodimir Zelenskiy va Sharl Mishel ishtirokidagi uchrashuvdan so‘ng YeIning Kiyev va Kishinyov bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qarorini Moskva ham kuzatayotganini bildirdi.

Foto: Valentyn Ogirenko/REUTERS

Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi joriy yil oxirigacha Kiyev bilan Ukrainaning YeIga a’zoligi masalasi bo‘yicha muzokaralarni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilishiga umid bildirmoqda. Kiyevda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar Ukrainaning Yevrokomissiya tavsiyalarini amalga oshirishdagi taraqqiyotini muhokama qildi, dedi Ukraina prezidenti 21 noyabr, seshanba kuni. 

«Biz Ukraina qilishi kerak bo‘lgan hamma narsani bajarmoqdamiz. Ishonamizki, Yevropa Ittifoqi, va’da qilinganidek, o‘z hissasini qo‘shishga tayyor bo‘ladi, natijada yil oxirigacha, dekabrda siyosiy qaror qabul qilinadi. A’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlash va to‘liq integratsiyani yaqinlashtirish kerak», — deb yozdi Zelenskiy Telegram’da. Mishel va Moldova prezidenti Mayya Sandu bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida u hamkasblarini dekabr oyida qaror qabul qilish zarurligiga ishontirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidladi. 

Sharl Mishel Ukrainaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilish qiyin bo‘lishi haqida ogohlantirdi, biroq ayni paytda ijobiy natija ehtimolini ham inkor etmadi. Yevropa kengashi rahbari Kiyevning islohotlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatini ta’sirli deb atadi va Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati roziligiga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidladi. «Bu qiyin uchrashuv bo‘ladi, lekin men taslim bo‘lmayman», dedi u.

Sandu: Yevropa Ittifoqi qarorini Moskva ham kuzatmoqda 

O‘z navbatida, Mayya Sandu Yevropa Ittifoqini Kishinyov va Kiyevga berilgan va’dani bajarishga va tezroq muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Muzokaralarni boshlash masalasida ikkilanib turgan YeI qarorini hozir Moskvada kuzatmoqda, shuning uchun Bryussel Rossiyaga Ukraina va Moldovani so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi haqida signal berishi kerak. «Tezlik va birlik strategik tanlovdan ko‘ra ko‘proq. Endi bu omon qolish va Yevropa barqarorligi masalasi. YeI kengayishining yangi to‘lqini qit’a xavfsizligiga sarmoya bo‘ladi», - deya ta’kidladi u. 

Moldova prezidenti, shuningdek, Bryussel 2022 yilda Ukraina va Moldova bilan muzokaralarni boshlash shartlarini keltirib o‘tganini va bu majburiyatlar bajarilsa, keyingi bosqichga o‘tishga va’da berganini eslatdi. «Keyingi qadam esa muzokaralarni boshlashdir. Biz ikkala davlatimiz haqiqatan ham yaxshi ish qilganiga ishonamiz va buni Yevropa komissiyasi hisoboti tasdiqlaydi», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Sharl Mishel va Mayya Sandu 21 noyabr kuni – Yevromaydon boshlanganining o‘n yilligi munosabati bilan Kiyevga e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi. «Hozirda aynan shu ramziylik zarur. Chunki Ukrainaning Yevropa yo‘lidagi yutug‘i qo‘shnilarimiz uchun muvaffaqiyatdir», - dedi Zelenskiy. Bundan tashqari, shu kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius, bir kun avval esa Pentagon rahbari Lloyd Ostin Kiyevga tashrif buyurdi. 

Mavzuga oid