Jahon | 15:49 / 23.11.2023
2323
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan 16 kishining ishi sudga yuborildi

Prokuraturaning da’vo qilishicha, ayblanuvchilar Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishini kuzatgan va unga GPS-trekerlarni o‘rnatishga harakat qilgan.

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Polsha prokuraturasi Rossiya manfaatlari yo‘lida josuslik tarmog‘ini yaratishda gumon qilingan 16 kishi ishi bo‘yicha ayblov xulosalarini sudga taqdim etdi. Bu haqda 22 noyabr, chorshanba kuni RMF FM radiostansiyasi xabar berdi

Prokuratura 16 kishini uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etganlikda va Polsha manfaatlariga zid bo‘lgan xorijiy razvedka manfaatlariga qaratilgan faoliyatda ayblamoqda. Gumonlanuvchilarga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. 

«Ayblanuvchilar muhim infratuzilma obektlari, harbiy obektlar va dengiz portlarini aniqlash kabi tadbirlarni amalga oshirgan», deb xabar berdi prokuratura. Ayblovga ko‘ra, josuslik tarmog‘i a’zolari «mijozlarini o‘zlarining razvedkalari natijalaridan xabardor qilib turgan, buning uchun puli olgan». 

Ayblanuvchilar Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishini kuzatgan 

Boshqa narsalar qatori, qo‘lga olinganlar Ukrainaga g‘arb harbiy yordamlarini olib o‘tish yo‘nalishlariga veb-kameralar qo‘yish va ularga GPS-trekerlarni o‘rnatishga urinishda ayblanmoqda. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ular Polshaga qarshi tashviqot ham olib borgan va diversiya tayyorlagan. 

Polsha maxsus xizmatlari gumonlanuvchilarning fuqaroligini oshkor etmadi, faqat ular «sharqiy chegaradan kelgan xorijliklar» ekanini bildirdi. Bu ish bo‘yicha qo‘lga olinganlardan biri birinchi liga klublaridan birida o‘ynagan 20 yoshli rossiyalik hokkeychi bo‘ldi, deb xabar berdi RMF FM. U 2021 yildan beri Polshada istiqomat qiladi. Mamlakat maxsus xizmatlari ta’kidlashicha, ushlangan shaxs harbiy obektlar va muhim infratuzilmalarni aniqlash va suratga olish bilan shug‘ullangan. 

Ayg‘oqchilikda ayblanayotganlar 2023 yilning yanvaridan martigacha Bela Podlyaska, Xelm, Medik, Peremishl, Jyeshuv, Varshava va mamlakatning boshqa hududlarida, jumladan Pomoreda faoliyat yuritgan, deyiladi prokuratura xabarida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid