Jahon | 15:11 / 24.11.2023
7281
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga harbiy texnika va snaryadlarni beradi

Ukraina Qurolli kuchlari 20 ta nemis piyoda jangovar mashinasi, 2500 ga yaqin artilleriya snaryadlari, minalardan tozalash mashinasi va boshqa jihozlarni oladi.

Foto: AP

Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini topshiradi. Bu haqda Germaniya hukumati 22 noyabr kuni o‘z saytida ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari o‘q-dorilar bilan jihozlangan 20 ta Marder piyoda jangovar mashinasi, 2380 ta 155 mm artilleriya snaryadlari, Wisent 1 minadan tozalash mashinasi, 2428 ta kripto-shifrlangan aloqa uskunalari, shuningdek, Warthog zirhli tez tibbiy yordam mashinalari, transport vositalari, mikroavtobuslar, yuk mashinalari va oddiy tez yordam mashinalarini oladi.

Bundan oldin mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha 17-«Ramshteyn» konferensiyasida 2025 yilga topshirilishi rejalashtirilgan IRIS-T SLM havo mudofaa tizimining to‘rtta qo‘shimcha blokini, shuningdek, 20 mingta 155 mm artilleriya snaryadlari va tankka qarshi minalarni yetkazib berishga va’da qilgandi. Germaniyaning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi umumiy qiymati 1,3 milliard yevroga baholanmoqda. Pistorius, shuningdek, Germaniya «hozir ham, uzoq muddatda ham» Ukraina tomonida bo‘lishda davom etishini ta’kidladi.

Ukrainaga keyingi harbiy yordam

Avvalroq Bloomberg vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Germaniya rasmiylari 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam xarajatini ikki barobarga – 8 milliard yevrogacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Biroq, hozirda Germaniya Moliya vazirligi mamlakatning deyarli barcha vazirlik va idoralariga yangi moliyaviy majburiyatlar olishni taqiqlagan, bu masala so‘roq ostida.

Germaniya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Mitko Myuller DW'ning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi haqidagi savoliga javob berdi. Unga ko‘ra, Pistorius va’da qilgan ta’minot uchun pul to‘lanadi. Biroq, kelasi yil budjeti qabul qilinishidan oldin Kiyevga yordam uchun ajratilishi rejalashtirilgan boshqa mablag‘lar haqida gapirishga hali erta: «Ma’lumki, kelasi yil uchun budjetni rejalashtirish hali tugallanmagan, parlamentdagi tegishli jarayon hali ham davom etmoqda», - deb tushuntirdi Myuller.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid