Jahon | 14:03 / 25.11.2023
8233
5 daqiqa o‘qiladi

Bild: AQSh va Germaniya Kiyevni Rossiya bilan muzokaralar boshlashga majburlamoqchi

AQSh va Germaniya Zelenskiyni Rossiya bilan muzokaralar boshlashga majburlamoqchi, ular faqat frontni ushlab turish uchun qurol yetkazib bermoqchi, deb yozadi Bild yagona manbaga tayanib.

Foto: AP

AQSh va Germaniya rasmiylari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya bilan muzokaralar boshlashga majburlamoqchi, deb yozadi harbiy kuzatuvchi Yulian Ryopke 24 noyabr, juma kuni Bild nashridagi maqolasida Germaniya hukumati doiralaridagi yagona manbaga tayanib

Ukrainaga eng yirik harbiy yordam donorlari bo‘lgan AQSh va Germaniyaning rejasiga ko‘ra, Kiyev «suverenitet va hududiy yaxlitlik»ni Kreml bilan muhokama qilish uchun jarayonga «strategik jihatdan foydali muzokaralar pozitsiyasida» yondashishi kerak, deb da’vo qilmoqda Bild. 

Berlin va Vashington Zelenskiyni muzokaralar zarurligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishontirish niyatida emas, balki qurol-yarog‘ yetkazib berishni bosim vositasi sifatida Ukraina prezidentini bunga rozi bo‘lishga majburlashni rejalashtirmoqda, deya ta’kidlaydi Bild. Nashrning yozishicha, ittifoqchilar Kiyevga Ukraina armiyasiga hozirgi frontni ushlab turish, ammo Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarni ozod etishda yordam bermaydigan miqdorda qurol yetkazib berish niyatida. 

AQSh va Germaniyaning «maxfiy rejasi» 

«Zelenskiy buni davom ettirish mumkin emasligini tushunishi kerak. Tashqaridan hech qanday so‘rovsiz. U o‘z ixtiyori bilan xalqiga murojaat qilishi va muzokaralar olib borilishi kerakligini tushuntirishi kerak», - deya tushuntirdi Germaniya hukumatidagi Bild manbasi yondashuvni. 

Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bunday taktikaga qarshi va qurol-yarog‘ yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq uning «qo‘llari bog‘langan». Nashrning ta’kidlashicha, Xristian demokratik ittifoq (XDI)ning mudofaa bo‘yicha eksperti Roderix Kizevetter ham xuddi shunday fikrda. «Federal kansler idorasi Ukraina g‘alabasiga ishonmasligi va buni umuman istamasligi tobora oydin bo‘lib bormoqda. Pistorius Ukrainaga olib kelgan qurollar paketi «Ukraina g‘alaba qozonishi kerak» degan maqsadning ifodasi emas. Bu «Ukrainani muzokaralarga undashayotgani uchun» juda kam qo‘llab-quvvatlanayotganini anglatadi», dedi u Bild nashriga. 

Ukraina uchun «B rejasi» 

Bild manbasiga ko‘ra, Germaniya va Qo‘shma Shtatlarning «B rejasi» ham mavjud bo‘lib, u hozirgi chegaralarda mojaroni muzlatishdan iborat. «Berlin va Vashington muzokaralarga muqobil sifatida intilayotgan narsa - bu nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida kelishuvsiz muzlatiladigan mojaro», - deydi manba. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatda aloqa chizig‘i «mustahkamlanadi hamda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi yangi kvazichegaraga aylanadi». «Bu «Minsk» kabi, faqat Minsksiz», - dedi manba 2014 yilda Minskda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralarini nazarda tutib.

Germaniya hukumati: Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz 

Germaniya hukumati vakili Bild nashriga bergan izohida «Germaniya Ukraina tomonida qat’iy ekanini» aytdi. «Federal hukumatda aniq pozitsiya bor: Ukraina Rossiyaga qarshi mudofaa kurashida harbiy va siyosiy maqsadlarni belgilashi kerak. Biz Ukrainani Rossiyadan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlaymiz», - deb javob berdi hukumat vakillari Bild nashriga. 

«Gap suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish, demak, Ukrainaning omon qolishi haqida bormoqda. Biz xalqaro hamkorlarimiz bilan doimiy va yaqin aloqadamiz», - deya qo‘shimcha qildi vazirlar mahkamasi vakili. 

Noyabr oyi boshida AQShning NBC telekanali ikki yuqori martabali mulozimga tayanib, AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Ukraina hukumati bilan urushni tugatadigan ehtimoliy tinchlik muzokaralarini o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan narsalarni muhokama qila boshlagani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid