Moldova xalqaro sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
Moldova parlamenti yakuniy o‘qishda respublikada xalqaro sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bundan tashqari, Moldova va Rossiya maxsus xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bekor qilingan.
Moldova parlamenti 24 noyabr, juma kuni yakuniy o‘qishda respublikada xalqaro sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjatda, xususan, «global miqyosda bir ovozdan sanksiya ostidagi xatti-harakatlarni sodir etgan jismoniy va yuridik shaxslarning mamlakatda va xorijda» aktivlarini bloklash tartibi ko‘rsatilgan», — deyiladi qonun chiqaruvchi organ matbuot-relizida. Yangi qonun «ayrim bo‘shliqlarni bartaraf etish va qonun hujjatlarining ijro etilishini ta’minlash»ga qaratilgan. Moldovada xalqaro sanksiyalar qo‘llanishini nazorat qiluvchi maxsus idoralararo organ tuziladi.
Qonun YeIga kirish uchun ariza tayyorlash doirasida qabul qilingan
Qonun loyihasi Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish haqidagi arizasi bo‘yicha Yevrokomissiya tomonidan taklif qilingan chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi doirasida mamlakat Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Sobiq ittifoq respublikasi «xususiy manfaatlarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotga nomaqbul ta’sirini bartaraf etish orqali deoligarxizatsiya jarayoni bo‘yicha» majburiyat olgan. Moldovalik qochoq oligarxlar Ilan Shor va Vladimir Plaxotnyuk hamda ularning bir qancha sheriklari mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga uringani uchun Yevropa Ittifoqi, AQSh va Shveytsariya tomonidan sanksiyalar ostida qolmoqda.
Shu bilan birga, 24 noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Kishinyovni Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilgani uchun tanqid qildi. Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Moskvada bu xatti-harakatlar Moldova rahbariyatining «yana bir dushmanona qadami» sifatida baholanmoqda, bu esa «Rossiya-Moldova munosabatlarini butunlay yo‘q qilish» bilan tahdid soladi.
Moldova Rossiya bilan maxsus xizmatlar o‘rtasida axborot hamkorligi haqidagi kelishuvdan chiqdi
Juma kuni Moldova parlamenti Rossiya bilan ikki mamlakat razvedka xizmatlari - Moldova Axborot va xavfsizlik xizmati (AXX) va Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX) o‘rtasida axborot hamkorligi to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvni bekor qildi. Ushbu shartnoma 1994 yilda Kishinyovda imzolangan.
Bundan tashqari, Moldova tomoni MDH doirasidagi bir qancha kelishuvlarni ham denonsatsiya qildi: aksilterror bo‘linmalari jangchilarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, Birlashgan yadroviy tadqiqotlar instituti nizomi, energetika obektlarida avariyalar va boshqa favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda o‘zaro yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, MDH davlatlarining o‘z fuqarolari uchinchi davlatlardan evakuatsiya qilingan taqdirda o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuv, shuningdek, chegara qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari to‘g‘risidagi bitim.
2023 yil fevral oyida Moldova tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Niku Popesku respublika MDHning 330 ga yaqin shartnomalari ishtirokchisi ekanligini va ularning ko‘pchiligi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini aytdi – chunki ular endi ishlamayapti yoki Moldova manfaatiga zid.
Mavzuga oid
12:03 / 31.10.2024
AQSh O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikki kompaniyaga qarshi sanksiya kiritdi
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
15:50 / 24.10.2024
AQSh RFning Moldovadagi saylovlar 2-turiga aralashuvidan xavotirda
13:30 / 24.10.2024