Jahon | 10:42 / 25.11.2023
2793
5 daqiqa o‘qiladi

YeI va Kanada Ukrainaga yordam berishda davom etishini tasdiqladi

Kanada va Yevropa Ittifoqi rahbarlari Nyufaundlenddagi uchrashuvda Ukrainaga Rossiyaga qarshi turishda yordam berishda davom etishini tasdiqladi va keyingi qadamlar haqida gapirdi. Slovakiyaning yangi bosh vaziri tinch muzokaralar olib borishga chaqirdi. 

Foto: Reuters

Kanada va YeI yetakchilari 24 noyabr, juma kuni Kanadaning Nyufaundlend provinsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukrainaga Rossiyaga qarshi turishda «zarur bo‘lguncha» yordam berishda davom etishini tasdiqladi, deb yozadi AFP. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen «Ukrainaning shoshilinch harbiy va mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun harakat qilishini» aytdi hamda «Ukraina uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hamma narsani olishiga» ishontirdi

Xususan, Tryudo Kanada Ukrainaga harbiy yordamni oshirib, unga 11 ming pulemyot va ular uchun 9 million o‘q-dori yetkazib berishini ma’lum qildi. Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan beri Ottava Kiyevga 1,8 milliard dollar harbiy yordam bergan. Fon der Lyayyen Kanada urushdan oldin Ukrainaga harbiy xizmatchilarni tayyorlash orqali yordam berganini va bu Ukraina Qurolli kuchlariga agressiyani qaytarishda yordam bo‘lganini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqida, Yevrokomissiya rahbari ta’kidlaganidek, 30 ming ukrainalik harbiy xizmatchi tayyorlandi, yil oxiriga qadar ularning soni 40 ming nafarga yetishi mo‘ljallangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi yaqin orada Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanish rejalarini oshkor qiladi. Sharl Mishel, shuningdek, «yaqin haftalarda» Kiyevga yordam berish bo‘yicha yangi qadamlar haqida e’lon qildi. 

Daniya ham Ukrainaga harbiy yordamni oshiradi 

Daniya parlamenti va hukumati 24 noyabr, juma kuni Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada oshirishga kelishib oldi. 2023 yilda buning uchun mo‘ljallangan jamg‘armaga qo‘shimcha 2,3 milliard krona (337 million dollar), 2025-2027 yillarda esa 23,5 milliard krona (3,4 milliard dollardan ortiq) ajratiladi, deb xabar berdi mamlakat Mudofaa vazirligi. Umuman olganda, 2028 yilgacha ushbu ehtiyojlar uchun 60,4 milliard krona (deyarli 8,9 milliard dollar) yo‘naltirish rejalashtirilgan. 

«Urush davomida Daniya Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlab kelgan va hozir yordam miqdorini oshirib, ukrainaliklar uzoq muddatda bizning yordamimizga ishonishi mumkinligi haqida aniq signal yubormoqdamiz», dedi Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen. 

Sentyabr oyida Ritzau agentligi Poulsenga tayanib, Daniya Ukrainaga yana 45 ta jangovar tank - 30 ta Leopard 1 va 15 ta T-72ni topshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Bungacha Kopenhagen Niderlandiya va Germaniya bilan birgalikda Kiyevga 10 ta Leopard tankini yetkazib bergan. Bundan tashqari, Daniya Ukraina tank ekipajlarini tayyorlash uchun Germaniyaga instruktorlar yubordi. 

Slovakiya bosh vaziri tinchlik muzokaralariga chaqirmoqda 

Ayni paytda, Slovakiyaning yangi bosh vaziri Robert Fitso shu kuni Pragada chexiyalik hamkasbi Petr Fiala bilan uchrashuvdan so‘ng Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga chaqirdi. Fitsoning so‘zlariga ko‘ra, aks holda «urush 2029 yoki 2030 yilgacha davom etishi» va tomonlar «natijaga erishmasdan, yana 500 yoki 600 ming kishi halok bo‘lganidan keyin, 10 yildan so‘ng muzokara stoliga hozir o‘tirishi mumkin».

8 noyabr kuni Slovakiyaning yangi hukumati Kiyevga harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha ilgari tuzilgan rejaga «qo‘shilmasligini» aytib, Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi. Yangi bosh vazir Fitso Bratislava faqat gumanitar va fuqarolik yordamini o‘tkazishini ma’lum qildi. 

Chexiya bosh vaziri Petr Fiala juma kuni Fitso bilan uchrashuvdan so‘ng Kiyevga harbiy yordam hali ham dolzarb masala ekanligiga ishonch bildirdi, chunki «Ukraina jasoratli kurashda yordamga muhtoj». 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid