Jahon | 22:02 / 25.11.2023
15418
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Putinga: Ukrainaga berilgan zarbalar Rossiyaga xavf tug‘dirishi mumkin

«Shuni bilishing kerakki, agar bu davom etsa, butun dunyo javob beradi», dedi Zelenskiy.

Foto: UNIAN, Viktor Kovalchuk

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Rossiyaning Ukraina shaharlari, tinch aholi nishonlari va muhim infratuzilmalarga zarbalari haqida gapirdi. Xususan, bunday zarbalar butun dunyoda salbiy reaksiyalarning yig‘ilib qolishiga sabab bo‘lishi, ular bir lahzada qat’iy javob berishi mumkinligini aytdi.

«Rossiya tomonidan energetika tizimimizga zarbalar, ayniqsa atom elektr stansiyalariga hujumlar va shunga o‘xshashlar, bu nafaqat Ukraina uchun, balki butun dunyo uchun xavf ekanini bilishi kerak. Bunday zarbalar uchun Rossiyaga javob qaytarilishi mumkin, ular buni o‘zi uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligini tushunishi kerak», dedi prezident.

Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, bunday murojaat Ukrainadan emas, butun dunyo tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yetkazilishi kerak.

«Sen butun dunyoga olov va urush qo‘zg‘atyapsan. Ukrainaga zarba beryapsan va urush niqobidan foydalanib gapiryapsan, aslida bolalar bog‘chalari va maktablarga zarba beryapsan. Bo‘laklar Ruminiya, Polsha va boshqa joylarga qulab tushmoqda. Sen barcha mamlakatlarga zarba beryapsan. Shuni bilishing kerakki, agar bu davom etsa, butun dunyo javob beradi», dedi Zelenskiy.

25 noyabr kuni tunda Rossiya Ukraina hududi bo‘ylab dronlar yordamida navbatdagi hujumni uyushtirdi. Kiyevda havo hujumi haqida ogohlantirish 6 soatdan ortiq davom etdi.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari 25 noyabr kuni rossiyaliklar rekord darajada ko‘p «Shohid» dronlari bilan zarba berganini ma’lum qildi. Hammasi bo‘lib 75 ga yaqin dron uchirilgan. Ulardan 74 tasi urib tushirilgan.

Mavzuga oid