Jahon | 12:02 / 27.11.2023
5908
3 daqiqa o‘qiladi

HAMAS to‘rt qo‘mondoni halok bo‘lganini ma’lum qildi

HAMAS harbiy qanoti bayonotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida shimoliy G‘azo brigadasi qo‘mondoni Ahmad G‘andur va yana uch yuqori martabali harbiy amaldor bor.

Foto: Picture Alliance

Falastinning HAMAS harakati harbiy qanoti «Al-Qassam brigadalari» G‘azo sektoridagi janglarda to‘rt qo‘mondoni halok bo‘lganini tasdiqladi

Telegram-kanalida 26 noyabr, yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida G‘azo shimolidagi brigada qo‘mondoni Abu Anas laqabli Ahmad G‘andur, shuningdek, Vail Rajab, Raafat Salmon va HAMAS raketa uchirish guruhiga rahbarlik qilayotgan Ayman Siam ham bor. Bayonotda harbiy qo‘mondonlarning aniq qachon va qanday sharoitda halok bo‘lgani aytilmagan. 

Avvalroq Isroil mudofaa kuchlari G‘andur va Siamga zarbalar bergani haqida xabar qilgan, biroq ularning o‘limini tasdiqlamagandi, deb yozadi The Times of Israel gazetasi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 15 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

G‘azoda to‘rt kunlik sulh

24 noyabrdan beri G‘azo sektorida Qatar vositachiligida Isroil va HAMAS tomonidan to‘rt kunlik muddatga kelishilgan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda. 

Kelishuv shartlariga ko‘ra, bu vaqt ichida HAMAS jangchilari 7 oktyabr kuni garovga olinganlar orasidan 50 nafar ayol va bolani Isroilga topshirishi kerak. Isroil 150 nafar falastinlik mahbuslarni – ayollar va o‘smirlarni qamoqxonalardan ozod qilishi kerak. 

O‘t ochishni to‘xtatishning dastlabki ikki kunida, 24 va 25 noyabr kunlari HAMAS jami 26 nafar isroillik, shuningdek, 14 tailandlik va bir filippinlikni ozod qildi. O‘z navbatida, Isroil 78 nafar falastinlik mahbusni qo‘yib yubordi.

26 noyabr kuni yana garovga olinganlar va mahbuslar almashinuvi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS vakillari Isroilga 13 nafar isroillik va yetti nafar xorijlik ro‘yxatini topshirgan. 

Mavzuga oid