Jahon | 11:42 / 27.11.2023
6840
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask antisemitizmda ayblanganidan keyin Isroilga yo‘l oldi

Ilon Maskning Isroilga tashrifi prezident Itsxak Gersog ma’muriyati tomonidan tasdiqlandi. Mask avvalroq X ijtimoiy tarmog‘idagi antisemitistik postlar tufayli tanqid qilingan edi.

Foto: Win McNamee / Getty Images

Isroil prezidenti Itsxak Gersog 27 noyabr, dushanba kuni Quddusda X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask bilan uchrashadi, u bir qator antisemitizm ayblovlaridan so‘ng mamlakatga tashrif buyurishga qaror qildi. Bu haqda The Times of Israel davlat rahbari idorasiga tayanib yozmoqda. 

Amerikalik tadbirkor bilan suhbatda Gersog «internetda antisemitizmning kuchayishiga qarshi kurash choralari zarurligini» ta’kidlamoqchi. G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olingan ba’zi shaxslarning oila a’zolari ham uchrashuvga qo‘shilishi kutilmoqda. 

So‘nggi haftalarda Mask X platformasida antisemitizm va natsistlarga oid postlari tufayli tanqid ostiga olindi. Xususan, u fitna nazariyasi tarafdorining yahudiy hamjamoalarini «oq tanlilarga nisbatan nafrat» tarqatishda ayblagan, shuningdek, antisemitizmga qarshi kurashuvchi Amerika yahudiylari tashkiloti - Antidiffamatsion liga «de-fakto oq tanlilarga qarshi irqchilik, osiyoliklarga qarshi irqchilik yoki har qanday irqchilikni targ‘ib qilishi» haqida yozgan tvitini qo‘llab-quvvatlagan.

Bundan tashqari, Media Matters notijorat tashkiloti Apple, Oracle va IBM reklamalariga e’tibor qaratdi, ular X’da Hitler va natsizmni maqtagan postlar yonida ko‘rsatilgan. Natijada, shu va boshqa ba’zi kompaniyalar Maskning ijtimoiy tarmog‘idagi reklamalarini to‘xtatishga qaror qildi. 

Mavzuga oid