Jahon | 12:52 / 28.11.2023
6451
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada bomba tahdidi tufayli 30 ga yaqin maktab yopildi

Bryussel va Brabantdagi maktab ma’muriyatlari to‘lov talablari va bomba tahdidlari bo‘lgan elektron pochta xabarlarini oldi. Ta’lim muassasalari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirilyapti.

Foto: J. v. Reppert-Bismarck

Belgiya hukumati bomba tahdidi tufayli 30 ga yaqin maktabni yopdi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida 27 noyabr, dushanba kuni Bryussel va Flamand Brabant provinsiyasida 10 mingga yaqin maktab o‘quvchilari jabrlandi, deb yozadi AFP WBE maktab departamentiga tayanib. Unga ko‘ra, bir kecha-kunduzda ko‘plab maktab direktorlariga to‘lov talabi va agar ular bajarishdan bosh torsa, portlash bilan tahdid qilingan xatlar kelgan.

Vaziyatga tegishli tartibda baho beriladi

«Ko‘plab obektlar allaqachon tekshirib bo‘lindi yoki hozirda tekshirilmoqda. Vaziyatga tegishli tartibda baho beriladi», - deyiladi WBE saytida. Departament maktablarning yopilishini qat’iy ehtiyot choralariga rioya qilish bilan izohladi.

Noyabr oyi boshida xuddi shunday tahdidlar tufayli Valloniyadagi ikkita maktab evakuatsiya qilindi, keyinchalik portlovchi moslamalar topilmadi. Fransiyada o‘quv yilining boshidan sentabr oyining o‘rtalariga qadar maktablarga 800 ga yaqin shunday xabarlar kelgan, birorta ham tahdid tasdiqlanmagan. Fransiyadagi maktablar, aeroportlar va sayyohlik joylariga tahdidlar 13 oktyabr kuni Arrasda o‘qituvchiga hujum uyushtirilganidan keyin kuchaygan. 

Oktyabr oyi oxirida maktablardagi portlashlar xavfi haqidagi soxta xabarlar to‘lqini Germaniya bo‘ylab ham tarqaldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid