Jahon | 22:38 / 29.11.2023
54308
4 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev ilk marta ikkinchi oilasi borligini tan oldi 

U o‘z kitobida ikkinchi rafiqasi Asel Isabayeva va o‘g‘illari haqida ma’lumot berdi. 

Foto: orda.kz

Qozog‘istonning sobiq prezidenti yaqinda sotuvga chiqadigan «Mening hayotim» nomli xotiralar kitobini yozdi. Unda Nursulton Nazarboyev birinchi marta ikkinchi rafiqasi Asel Isabayeva va undan tug‘ilgan o‘g‘illari haqida ma’lumot berdi. 

Nashrning birinchi nusxalari allaqachon siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlarga yuborilgan. Nazarboyevning xotiralari birinchi prezident hayotining ham siyosiy, ham shaxsiy tomoniga bag‘ishlangan. 

Kitobda Nazarboyev ilk bor ikkinchi oilasi, rafiqasi Asel Isabayeva va ikki o‘g‘li haqida yozadi. Uning ta’kidlashicha, birinchi marta Aselni Toldiqo‘rg‘on aeroportida ko‘rib qolgan. 

«Davlat rahbarining hududlarga amaliy tashrifi chog‘ida samolyot zinapoyasida gullar bilan kutib olinadi. Ma’lumki, bunday marosimda ishtirok etish uchun eng go‘zal mahalliy qizlar tanlab olinadi. Biz uzoq vaqtdan beri o‘rganib qolgan chiroyli marosim. Aeroportda menga gul sovg‘a qilgan qiz hayratlanarli darajada go‘zal edi. Men ochiq yuzli, yonib turgan nigohli va ajoyib qomatga ega qizni uzoq vaqt hayolimda saqladim», deb yozadi Nazarboyev. 

Keyinchalik Nazarboyev uning «Qozog‘iston go‘zali» tanlovida ishtirok etayotganini bilib qoladi va tez orada u bilan ko‘rishadi. 

«Tanishdik, bu o‘zaro simpatiyaga aylandi, simpatiya esa yaqinlikka. Keyin uchrasha boshladik. Aselning tashqi ko‘rinishida ham, fikr-mulohazalarida ham o‘zim izlagan ko‘plab fazilatlarni ko‘rdim. Va eng muhimi, men yillar davomida davom etgan ruhiy yolg‘izlikdan xalos bo‘ldim. Musulmonlar urf-odatiga ko‘ra turmush qurdik. Asel menga ikki farzand sovg‘a qildi – ikki ulug‘vor o‘g‘il. Tauman 2005 yilda, Bayken esa 2008 yilda tug‘ilgan. Otalik baxtiga 65 yoshimda yana sazovor bo‘ldim», deb yozdi sobiq prezident. 

Nazarboyevning qayd qilishicha, uning qonuniy turmush o‘rtog‘i Sora vaziyatni to‘g‘ri tushungan va kechirgan. 

«Yoshligimdan suyanchig‘im bo‘lgan, eng og‘ir sinov soatlarida yonimda bo‘lgan, uch qizim – Darig‘a, Dinara, Aliyaning onasi Soraga umrim davomida shukronalik, g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lganman. Bu og‘ir hayotda, taqdirimning o‘sha burilish pallasida u meni tushunib, kechirgani bilan ham taskin topdim. Tauman tug‘ilgandan so‘ng, men Olmaotaga kelib, undan kechirim so‘raganimda va hamma narsani aytib berganimda, u yanada olijanoblikni ko‘rsatdi. «Bolada ayb yo‘q, u misli farishta, baxtli bo‘lsin», dedi Sora. Qizlarim ham meni to‘g‘ri tushunishdi», deb yozdi Nazarboyev. 

«Shunaqa gaplar, do‘stlar. Men butun haqiqatni aytdim. Bunga qanday munosabatda bo‘lishingiz o‘zingizga bog‘liq. Bu hayot. Bitta inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat bor. Haqiqat shundaki, qalbingizga buyruq berolmaysiz», deb qo‘shimcha qildi sobiq prezident. 

Nazarboyevning ikkinchi rafiqasi haqida avval ham mish-mishlar tarqalgan edi. Bu haqda birinchi marta muxolifatchi siyosatchi Raxat Aliyev 2012 yilda oshkora e’lon qildi. Yana bir siyosatchi va tadbirkor Muxtor Ablyazov ham Nazarboyevning «maxfiy» oilalari borligi, bu haqda uning atrofidagilar yaxshi bilishini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid