Jahon | 13:41 / 29.11.2023
3832
3 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg NATO a’zolarini Ukrainani qurollantirishni davom ettirishga chaqirdi

NATO davlatlari Ukrainani kerakli qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga «majbur», dedi alyans bosh kotibi va bu ularning «xavfsizlik manfaatlari»ga ham to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.

Foto: Global Images Ukraine via Getty Images

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATO a’zolarini Rossiyaga qarshi turishda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash «kursida turishga» chaqirdi. U 28 noyabr, seshanba kuni NATO tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi alyans shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadigan ikki kunlik yig‘ilishiga kelganida jurnalistlarga: «Biz Ukrainani kerakli qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga mas’ulmiz», dedi. 

«Biz tanlangan kursda turishimiz kerak. Bu bizning xavfsizlik manfaatlarimizga ham tegishli», - dedi Stoltenberg. Misol tariqasida NATO bosh kotibi Germaniya va Niderlandiyani keltirdi, ular Ukrainaga yana o‘n milliard yevro va’da qilgan. 

Stoltenberg, shuningdek, Kongressdagi respublikachilarning jiddiy qarshiliklariga qaramay, AQSh qo‘llab-quvvatlashining davom etishiga «ishonch» bildirdi. «Bu Qo‘shma Shtatlarning xavfsizlik manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Va bu biz kelishib olgan narsaga ham mos keladi», dedi u. 

Germaniya tashqi ishlar vaziri: Ukrainaga yordam odamlarni qutqarish uchun zarur

Bryusselga kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken NATO tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar «Rossiya urushiga qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni qat’iy tasdiqlash»ga qaratilganini aytdi. 

Gap «Ukraina qandaydir tarzda harbiy jihatdan oldinga siljishi haqida emas, balki odamlarni qutqarish haqida», dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok. Uning fransiyalik hamkasbi Katrin Kolonna Ukrainani qo‘llab-quvvatlash «uzoq muddatli bo‘lishi kerak», deb ta’kidladi. 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Bryusselda Rossiya bilan muzokaralarni boshlash uchun Ukraina tarafdorlari tomonidan «hech qanday bosim sezmayotganini» aytdi. 29 noyabr kuni Kuleba alyans shtab-kvartirasida birinchi marta tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida bo‘lib o‘tadigan Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi. 

Mavzuga oid