Jahon | 12:27 / 29.11.2023
4796
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukraina harbiylarini tayyorlash uchun yana 200 mln yevro ajratdi

YeIning Ukraina Qurolli kuchlarini tayyorlash missiyasi doirasidagi moliyalashtirish 194 million yevroga oshib, 255 million yevroga yetadi, deya ma’lum qildi YeI kengashi.

Foto: Karl-Josef Hildenbrand/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi kengashi Yevropa Ittifoqining Harbiy yordam missiyasi (EU Military Assistance Mission - EUMAM) doirasida ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga qaror qildi. «Pul summasi 194 million yevroga oshirildi va jami 255 million yevroni tashkil etadi», — deya ma’lum qildi 28 noyabr, seshanba kuni YeI kengashi matbuot xizmati.

Mablag‘lar Yevropa tinchlik jamg‘armasi (YeTJ) orqali ajratiladi. «Bugungi qarorning maqsadi Ukraina ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘quv dasturining o‘sib borayotgan hajmi va murakkabligini hisobga olgan holda, EUMAM orqali Ukraina Qurolli kuchlari imkoniyatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishdir», deyiladi press-relizda. 

YeI 34 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorladi

Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy yordam missiyasi 2022 yil noyabr oyida boshlangan va Ukraina Qurolli kuchlari a’zolari uchun Yevropa Ittifoqi hududida ikki yillik individual, jamoaviy va ixtisoslashtirilgan tayyorgarlikdan o‘tkazishga mo‘ljallangan. EUMAM Ukraina Qurolli kuchlarini harbiylar jangovar samaradorligi va jangovar tayyorgarligini oshirish uchun Bosh shtabning iltimosiga binoan individual ishlab chiqilgan dastur bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Bu Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish guruhi (SAG-U) va «Ramshtayn» formatidagi hamkorlar bilan kelishilgan keng qamrovli xalqaro yondashuvning bir qismidir. Mashqlar Yevropa Ittifoqi davlatlari va YeTJ tomonidan taqdim etilgan harbiy texnika yordamida o‘tkazilmoqda. 

YeI kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, EUMAM faoliyati davomida 34 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilar tayyorgarlikdan o‘tgan. 

Mavzuga oid